21 avgust kuni Senatda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining navbatdagi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar to‘g‘risida namunaviy nizom tasdiqlangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «Gazeta.uz»ga taqdim etgan Nizomga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi hududiy organlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.

Hududiy kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlar joylardagi barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiydir.

Milliy kengashning tegishli qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari raislari (ayni vaqtda hokimlar) Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarning raisi sifatida tasdiqlangan.

Shuningdek, nizomga ko‘ra, Hududiy kengashlarning ishchi organi funksiyasini tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari kotibiyatlari bajaradi.

19 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ushbu holatga izoh berdi.

Akmal Burxonov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar o‘z hududida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi, sohaga oid davlat dasturlarining amalga oshirilishini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tuzilma hisoblanadi.

«Ya’ni, bu kengashlar korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ emas. Shuni biz tushunib olishimiz kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunda belgilab o‘tilgan. Birinchi o‘rinda, bu huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, shu jumladan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi belgilab o‘tilgan. Bu idora kollegial idora hisoblanadi», — deb agentlik rahbarining so‘zlarini keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

U so‘zi davomida prezidentning o‘tgan yilning 29 iyunidagi farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashi bo‘yicha idoralararo komissiya korrupsiyatsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengash etib qayta tashkil etilganini esga oldi. Yangi tartibga ko‘ra, Milliy kengashga endi Oliy Majlis Senati rahbarlik qilmoqda.

«O‘z navbatida, mantiqan shu to‘g‘ri bo‘lardiki, hududiy kengashlarni rahbari ham huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbari emas, balki o‘sha hududiy, mahalliy kengashlarning raisi rahbar bo‘lishi maqsadga muvofiq ekanligi belgilangan», — deya tushuntirdi Akmal Burxonov.

U shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan: «O‘sha kengash ovozi hal qiluvchi ovozga ega bo‘ladi. O‘zi hokim bo‘lib turib qanaqa qilib nazorat qiladi?» degan gaplarga ham munosabat bildirdi.

«Hududiy кенgaш raisi Milliy kengash oldida mas’ul idora hisoblanadi. Ya’ni, hududdagi korrupsiyaviy omillarini bartaraf etish bo‘yicha, amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha axborot berib boruvchi Milliy kengash oldida, shu jumladan Korrupsiyaga qarshi kurash agentiligi oldidagi axborot beruvchi mas’ul idoralararo kollegial organ sifatida tashkil etilgan. Va ularning qarorlari kollegial ravishda qabul qilinadi», — dedi Akmal Burxonov.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining so‘zlariga ko‘ra, shuningdek, hududiy kengashlarning tarkibi Milliy kengash tomonidan na’munaviy tarkib tasdiqlanib, hududlarga yuborilgan. «Shu na’munaviy tarkiblarni ko‘radigan bo‘lsak, u yerda a’zolarning 44 foizi jamoatchilik tashkilotlari, ya’ni NNT va OAV vakillaridan iborat, 17 foizigina ijro hokimiyat a’zolari va qolganlari esa huquqni muhofaza qilish idoralar vakillari. Ya’ni bu yerda bir-birini tiyib turish prinsipi bor», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, «bu idorani tashkil etishdan maqsad korrupsiyaga qarshi kurashda birgalikda samarali faoliyat yuritish hisoblanadi».

«Bugungi kunda mahalliy kengashlarning raislari hokim hisoblanadi. Agar qonunchilikda o‘zgarish ro‘y berib, mahallik kengash raislari boshqa lavozimlari alohida (hokimlar raislikdan chetlatishi nazarda tutilmoqda — tahr.) bo‘ladigan bo‘lsa, biz albatta bu hududiy kengashning raislarini qayta ko‘rib chiqishimiz mumkin», — dedi Akmal Burxonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, amaldorlarga, davlat xizmatchilariga, va ayniqsa hokimlarga nisbatan, blogerlar tomonidan «hamma korrupsioner» degan munosabat paydo bo‘lib qolgan.

«Agar korrupsion jinoyatlar bo‘yicha statistikani oladigan bo‘lsak, men hozir hokimlarni yonini olish uchun aytganim yo‘q, hokimliklarda korrupsion jinoyatlar bor, lekin hamma korrupsion jinoyatlar hokimlik tomonidan amalga oshirilyatpi degani emas-da», — dedi Antikorrupsiya agentligi rahbari.