Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha xalqaro sertifikatlar uchun o‘qitish va imtihon xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu haqda Norma xabar berdi.

13 oktabr kuni Moliya vazirligi o‘qish va imtihon xarajatlari qoplab beriladigan buxgalteriya hisobi sohasidagi xalqaro tashkilotlar va xalqaro buxgalter sertifikatlari ro‘yxatini tasdiqlash bo‘yicha qaror qabul qildi. Unga quyidagi fanlar va xalqaro sertifikatlar kiradi:

  • Association of Chartered Certified Accountants, ACCA tomonidan — Financial Reporting (FR), Diploma of International Financial Reporting (DipIFR), Audit and Assurance (AA).
  • Certified Institute of Management Accountants (CIMA) tomonidan — Financial Reporting and Taxation (F1).
  • Institute of Chartered Accountants in England and Wales (ICAEW) tomonidan — Associated Chartered Accountant (ACA), Audit and Assurance, Financial Accounting and Reporting.

Shuningdek, quyidagi shaxslarning o‘qish va imtihon xarajatlari qoplab beriladi:

  • oliy o‘quv yurtlarining «Buxgalteriya hisobi» va «Audit» fanlari o‘qituvchilari;
  • oliy o‘quv yurtlari talabalari;
  • oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari (oliy o‘quv yurtini tugatgandan so‘ng olti oy ichida);
  • davlat idoralari xodimlari.

2020 yil 2 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tishni jadallashtirish orqali xorijiy investorlarni zarur axborot muhiti bilan ta’minlash va xalqaro moliya bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qaror qabul qilgan edi.