Har yili, AQSh hukumati “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi — DV” dasturi (Green Card) doirasida 50 ming ta doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi.

Vizalar so‘nggi besh yil ichidagi AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi. Bunda AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlarga ko‘proq viza miqdori belgilanadi. O‘zbekiston fuqarolari ushbu dasturda qatnasha oladi.

Green Card dasturiga onlayn anketa qanday to‘ldiriladi? Green Card anketasi uchun fotosuratlar bo‘yicha talablar qanday? Green Card natijalarini qayerda va qanday tekshirsa bo‘ladi? “Gazeta.uz” AQSh Davlat departamentining rasmiy yo‘riqnomasiga asoslangan holda, Green Card dasturiga onlayn ariza topshirish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etadi.

Green Card dasturiga kim ariza topshira oladi?

Ariza topshiruvchilar AQShning 12 yillik ta’lim tizimiga mos keluvchi boshlang‘ich va o‘rta ta’limni bitirgan bo‘lishlari lozim. O‘zbekiston uchun bu umumta’lim maktablarida 11-sinfni bitirganlar yoki litsey va kollej bitiruvchilari hisoblanadi.

Yoki ariza topshirmoqchi bo‘lgan shaxs so‘nggi besh yil ichida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.

Arizalarni topshirish muddati

Ushbu dasturda qatnashmoqchi bo‘lganlar o‘z arizalarini 2021 yil 6 oktabr Toshkent vaqti bilan soat 21:00 dan boshlab 2021 yil 9 noyabr kechki soat 21:00 gacha yuborishlari mumkin. Arizalarni topshirish uchun ro‘yxatga olishning oxirgi haftasigacha kutmaslik tavsiya etiladi, chunki katta yuklama sababli dastur sayti sekin ishlashi mumkin.

Arizalarni faqat onlayn tarzda topshirish mumkin. Qog‘ozda yuborilgan, to‘liq to‘ldirilmagan yoki belgilangan muddatdan keyin yuklangan arizalar qabul qilinmaydi.

Har bir kishi bir mavsumda faqatgina bir marotaba ariza topshirishi mumkin. Bir marotabadan ko‘p ariza topshirganlar dasturdan chetlatiladi.

Muhim eslatmalar

Dasturda qatnashish uchun arizani to‘ldirish bepul.

Ko‘plab kompaniyalar boshqa vositachilar to‘lov evaziga Green Card lotereyasining anketasini to‘ldirish uchun aholiga yordamlarini taklif etishadi. AQSh elchixonasi O‘zbekiston fuqarolariga bunday firmalarga murojaat etayotganda ehtiyot bo‘lish kerakligini eslatib o‘tadi. Ularning birontasi ham elchixona bilan bog‘liq emas. Bunday vositachilar xizmatidan foydalanish Green Card lotereyasida g‘olib bo‘lish ehtimolligini umuman oshirmaydi.

AQSh davlat departamenti arizalarni har kim o‘zi topshirishini maslahat beradi. Agar kimdir sizga yordam beradigan bo‘lsa, arizani to‘ldirish jarayonida o‘zingiz ham bo‘lishingiz tavsiya qilinadi. Shunda savollarga javoblar to‘g‘ri bo‘lishini ta’minlash mumkin. Bundan tashqari, ariza yuborilgach, siz shaxsiy tasdiqlash raqamingizni yuklab olishingiz yoki qog‘ozga chiqarib olishingiz kerak bo‘ladi. U orqali keyinchalik ariza natijasini tekshirish mumkin bo‘ladi.

Arizani to‘ldirganda internet brauzerlarning yangi versiyalaridan foydalanish ma’qulroq, eski brauzerlar (masalan Internet Explorer 8) ishlatilganda onlayn tizimda muammolarga duch kelishi mumkin.

Tavsiya: Arizada ko‘rsatishingiz kerak bo‘lgan ma’lumotlarni oldindan Word faylida tayyorlab qo‘ysangiz, dastur saytida ma’lumotlarni kiritish osonroq kechishi mumkin. Dastur sahifasiga ma’lumotlarni kiritish uzoq vaqt oladigan bo‘lsa, ma’lumotlarni qaytadan kiritishga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Arizani to‘ldirish

Green Card dasturida ishtirok etish uchun arizani AQSh Davlat departamentining rasmiy sayti orqali to‘ldirish mumkin: dvprogram.state.gov.

Dastur saytining asosiy sahifasida “Begin Entry” ustiga bosib, ariza to‘ldirish sahifasiga o‘tiladi.


Keyingi sahifada ekranda avtorizatsiya uchun maxsus kod taqdim etiladi va uni xatoliklarsiz kiritish kerak bo‘ladi.


Shundan so‘ng, ariza to‘ldirish uchun asosiy sahifaga o‘tiladi.

Birinchi bo‘limda ariza to‘ldiruvchining shaxsiy ma’lumotlari: ismi, familiyasi, jinsi, tug‘ilgan vaqti, joyi va mamlakati kiritiladi.

Muhim: O‘zbekiston fuqarolari ariza to‘ldirishning “Middle Name” satrlarini bo‘sh qoldirishlari va “No Middle Name” tugmasini bosishlari kerak bo‘ladi. O‘zbekiston fuqarolik pasportida ko‘rsatilgan “Otasining ismi” ma’lumotlari “Middle Name"ga kirmaydi.


Shuningdek, viza dasturida qatnashish uchun qaysi mamlakatdan ariza topshirilayotganini ham ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Ko‘p holatlarda tug‘ilish mamlakati bilan ariza topshirish mamlakati bir xil bo‘ladi.

O‘zbekistonda tug‘ilganlar tug‘ilgan mamlakat bo‘yicha topshirayotganlarini tanlash uchun “Yes” (ha)ni tanlashlari kerak. Boshqa mamlakatda tug‘ilgan, lekin O‘zbekistondan ariza berayotganlar “No” (yo‘q)ni tanlab, mamlakatlar orasida O‘zbekistonni tanlashlari lozim.


Navbatdagi bo‘limda xorijga chiqish pasporti ma’lumotlarini kiritish kerak bo‘ladi: ism, familiya, pasport seriyasi va raqami, amal qilish muddati va qaysi mamlakat tomonidan berilganligi.

Ushbu bo‘limda pasport ma’lumotlarini faqatgina quyidagi shaxslar taqdim etolmasligi mumkin: fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, pasport ololmaydigan kommunistik davlat fuqarolari va pasport ololmaydigan fuqarolar. Agarda, ushbu bandlardan biri noto‘g‘ri belgilangan bo‘lsa, ariza topshiruvchi dasturdan chetlatiladi. Xorijga chiqish pasporti ma’lumotlarini kiritadiganlar “B” bandini bo‘sh qoldirishlari kerak.

Muhim: Ushbu bo‘limda faqat xorijga chiqish pasporti ma’lumotlarini kiritish kerak bo‘ladi. Xorijga chiqish pasporti bo‘lmaganlar ariza topshirolmaydi, fuqarolik pasportining ma’lumotlarini kiritganlar keyinchalik viza ololmasliklari mumkin.


Keyingi bo‘limda ariza topshiruvchining surati yuklanadi. Bunda “Choose New Photo” tugmasini bosib, oldindan tayyorlangan va kompyuterga yuklangan suratni tanlash kerak bo‘ladi.


Ushbu dastur uchun yuklanadigan surat so‘nggi 6 oy ichida olingan bo‘lishi kerak. Ariza topshiruvchi suratga tushib, uning raqamli nusxasini olishi yoki yaqinda tushgan suratining skanerini ham yuklashi mumkin.

Fotosuratga qat’iy talablar qo‘yilgan va ushbu talablarga javob bermaydigan arizalar dasturdan chetlatiladi.

Muhim: eski suratini, oldingi arizada yuklagan suratini va ishlov berilgan suratlarni yuklagan shaxslarning arizasi tanlov shartlariga javob bermaydi.

Fotosuratga talablar

Fotosurat hajmi 245 kb dan yuqori bo‘lmasligi va JPEG formatda bo‘lishi lozim.

Surat tiniq va ranglari tabiiy, suratdagi shaxsning teri ranglari haqiqiyligicha ko‘ringan va soyalarsiz bo‘lishi lozim.

Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar.

Suratga tushgan shaxsda hech qanday ko‘zoynaklar bo‘lmasligi kerak. Kundalik hayotda ham ko‘zoynak bilan yursangiz, surat uchun ko‘zoynakni yechishga to‘g‘ri keladi.

Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar.

Shaxsning boshi surat markazida va to‘g‘ri hajmda bo‘lishi lozim. Suratning parametrlari: 2"x2″ (51×51 mm), arizachining boshi markazda va 1″ va 1.4″ (25 va 35 mm) oralig‘ida joylashgan bo‘lishi lozim.

Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar.

Surat aniq va ravshan bo‘lishi, hech qanday piksellar yoki printer nuqtalari ko‘rinmasligi shart. Suratga olishdan oldin kameraning fokusi shaxsga qaratilganligini tekshirish lozim. Suratning parametrlari ham to‘g‘ri bo‘lishi kerak.

Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar.

Original suratga o‘zgartirishlar kiritmaslik kerak: suratning orqa fonini o‘zgartirish, suratni cho‘zish yoki kichraytirish, “qizil ko‘zlarni” o‘zgartirish mumkin emas. “Qizil ko‘z"li suratlarni qaytadan olish lozim.

Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar.

Ariza topshiruvchi kameraga to‘g‘ri qarab turishi, neytral yuz ifodasida bo‘lishi (tabiiy tabassum bo‘lishi mumkin) va uning ko‘zlari aniq ko‘rinishi kerak. Ariza topshiruvchining ko‘zlari yopiq yoki boshqa tomonga qaragan bo‘lsa, boshi oldinga, orqaga yoki yon tomonga og‘gan bo‘lsa, suratni qaytadan olish kerak bo‘ladi.

Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar.

Ariza topshiruvchining yuzi to‘liq ko‘ringan bo‘lishi lozim. Soyalar, soch, buyum yoki kiyimlar suratdagi shaxsning yuzining biror qismini yashirmasligi kerak.

Suratga bosh kiyim bilan tushish mumkin emas, faqatgina diniy yoki tibbiy maqsadlarda (tibbiy bosh kiyim bo‘lsa, yozma murojaat bo‘lishi lozim) bo‘lgan bosh kiyimlar bundan mutasno.

Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar.

Suratning orqa foni bir tekis, oddiy va oq yoki qaymoq rangda, soyalardan xoli bo‘lishi shart.

Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar.

Bolalarni suratga olganda ularning orqasida hech kim bo‘lmasligi lozim. Ular ko‘zlari ochiq holda kameraga qarab turishlari kerak. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ko‘zlari to‘liq yoki qisman yopiq bo‘lishiga ruxsat etiladi.

Green Card dasturi taqdim qilgan namunalar.

Fotosuratlar bo‘yicha barcha talablarni AQSh Davlat departamentining rasmiy saytida ham ko‘rishingiz mumkin (ingliz tilida).

Fotosuratni yuklab bo‘lgandan keyin, navbatdagi bo‘limga o‘tish mumkin. Bunda siz o‘z yashash manzilingiz bo‘yicha ma’lumotlarni kiritishingiz kerak bo‘ladi: ko‘cha nomi va uy raqami, shahar, tuman, pochta indeksi va mamlakat.

Undan keyin hozirda yashayotgan mamlakatingiz va telefon raqamingizni ko‘rsatish kerak bo‘ladi.


Keyin doimiy ishlatadigan elektron pochta manzilingizni va ta’lim darajingizni ko‘rsating.


Shundan so‘ng oilaviy ahvolingiz haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatishingiz kerak bo‘ladi. Agarda siz turmush qurmagan bo‘lsangiz va farzandlaringiz bo‘lmasa, buni ko‘rsatib, keyingi sahifaga o‘tishingiz mumkin.


Agarda siz turmush qurgan bo‘lsangiz, unda turmush o‘rtog‘ingiz (ya'ni er yoki rafiqa) va 21 yoshga to‘lmagan, hayot va turmush qurmagan farzandlaringiz soni haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni ham arizada ko‘rsatishingiz kerak bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘i bilan birga yashamaydigan, lekin ajrashmaganlar turmush o‘rtoqlarining ham ma’lumotlarini ko‘rsatishlari shart, aks holda ariza dasturdan chetlatiladi.

Murojaatchilarning allaqachon AQSh fuqarosi yoki qonuniy doimiy rezidenti bo‘lgan turmush o‘rtog‘i yoki farzandlarini anketaga kiritish talab qilinmaydi.


Keyingi sahifada turmush o‘rtog‘ingiz va farzandlaringizning shaxsiy ma’lumotlari (ismi, familiyasi, jinsi, tug‘ilgan vaqti va mamlakati) hamda suratlarini kiritish kerak bo‘ladi.


Muhim: Ushbu arizada ariza topshirilgan kuni 21 yoshga to‘lmagan va turmush qurmagan barcha farzandlaringizning ma’lumotlarini ko‘rsatish shart.

Bunda, ushbu farzandlaringiz siz (asosiy murojaatchi) bilan yashamasa yoki kelajakda AQShga ko‘chib o‘tish niyatida bo‘lmasa ham, ularning ma’lumotlarini ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Shuningdek, qonunan asrab olingan va turmush o‘rtog‘ingizning boshqa turmushidan bo‘lgan farzandlaringiz bo‘lsa, ularni ham ko‘rsatishingiz kerak.

Oila a’zolaringizning suratlarini joylashtirganda ham yuqorida fotosuratlar bo‘yicha keltirilgan talablarga rioya qiling.

Viza dasturining natijalari e’lon qilingan paytda farzandingiz 21 yoshga to‘lib qolsa ham, u viza uchun ariza topshirishi mumkin bo‘ladi. Faqatgina Green Card dasturiga ariza topshirgan vaqtda u 21 yoshdan kichik bo‘lishi lozim.

Agar barcha amaldagi oila a’zolaringiz haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatmasangiz, unda viza dasturidan chetlatilasiz.

Barcha ma’lumotlarni to‘ldirib, keyingi sahifaga o‘tish uchun sahifa pastidagi “Continue” tugmasini bosing.

Arizani yuborish

Keyingi sahifada siz arizada kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib chiqishingiz kerak.

Agarda arizani yuborishdan oldin qaysidir sahifadagi ma’lumotni o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, unda ortga o‘tib, ma’lumotlarni tahrirlashingiz mumkin.


Barcha ma’lumotlar to‘g‘riligiga ishonch hosil qilgach, sahifaning oxirida “Submit” tugmasini bosing va arizani yuboring.

Shundan so‘ng, keyingi sahifada sizning arizangiz qabul qilinganligi to‘g‘risida ma’lumot chiqadi. Ushbu ma’lumotlarni qog‘ozda chiqarish yoki raqamli nusxasini olish orqali saqlab oling va ushbu ma’lumotlarni yo‘qotmaslikka harakat qiling.


Muhim: Arizangiz qabul qilinganligini tasdiqlovchi sahifada “Confirmation Number” (tasdiqlash raqami — tahr.) to‘g‘risida ko‘rsatilgan ma’lumot juda muhim hisoblanadi. U orqali siz viza dasturi natijalari chiqqach arizangiz bo‘yicha javobni tekshirishingiz mumkin.

Green Card dasturi natijalarini tekshirish

Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi.

2022 yil 8 maydan boshlab ushbu mavsumda viza dasturiga ariza topshirganlar o‘z natijalarini tekshirishlari mumkin bo‘ladi.

Buning uchun, dvprogram.state.gov saytiga kirib “Entrant Status Check” bo‘limida “Check Status” tugmasini bosish kerak.


Natijalarni tekshirish sahifasiga o‘tib, “Continue” tugmasini bosing.


Keyingi sahifada natijalarni tekshirish uchun ariza topshirganda sizga biriktirilgan 16 belgili tasdiqlash raqami, familiya va tug‘ilgan yil haqidagi ma’lumotlarni kiritish kerak bo‘ladi.

Barcha ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritganingizga ishonch hosil qilgach, avtorizatsiya kodini kiritib, “Submit” tugmasini bosing.


Agar sizning arizangiz viza dasturiga qabul qilingan bo‘lsa, ushbu sahifada keyingi bosqichlar bo‘yicha ma’lumot beriladi. Arizasi muvaffaqiyatli o‘tganlar va kerakli hujjatlarni topshirganlar immigrant vizasini olish uchun intervyu sanasini ham ushbu sahifada tekshirishlari mumkin.

Ariza natijalarini faqatgina ushbu saytda ko‘rish mumkin bo‘ladi. Ushbu mavsum arizalari bo‘yicha natijalarni 2023 yil 30 sentabrga qadar tekshirish mumkin.

Ma’lumot uchun, AQShning Toshkentdagi elchixonasi Green Card dasturi bo‘yicha tez-tez so‘raladigan savollarga o‘z javoblarini e’lon qilgan. Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun ushbu havolaga o‘tib, ularga o‘z savollaringizga javob olishingiz mumkin (PDF).