Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Facebook, Instagram va WhatsApp tarmoqlarining global o‘chirilishi paytida yangi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar sonining rekord darajada o‘sishi haqida post yozdi.

“Telegram`da kunlik o‘sish va faollik bo‘yicha rekord qayd etildi. Bir kunda boshqa tarmoqlardan 70 mln dan ortiq foydalanuvchilar Telegram`ga o‘tishdi. Jamoamiz bunday katta texnik bosimga dosh bera olgani bilan faxrlanaman”, — deb yozadi Durov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Shimoliy va Janubiy Amerikadagi foydalanuvchilar Telegram odatdagidan sekinroq ishlagani sabab biroz noqulaylik his qilgan bo‘lishlari mumkin.

“Chunki bu hududlarda odamlar ommaviy ravishda Telegram`ga o‘ta boshlashdi. Telegram`ning uzoq yillik foydalanuvchilariga yangi qo‘shilgan do‘stlariga messenjerning barcha qulayliklarini o‘rgatishlarini so‘ragan bo‘lardim. Ishonaman, ular biz bilan qoladi va nega Telegram raqobatchilarini ortda qoldirayotganini bilib olishadi”, — deb yozadi Pavel Durov.

“Telegram`ga yangi tashrif buyurganlarga dunyodagi eng yirik mustaqil xabar almashish platformasiga xush kelibsiz deb qolaman. Boshqalar sizga pand berayotgan bir vaqtda biz sizni uyaltirib qo‘ymaymiz”, — deya postini yakunlagan Telegram asoschisi.

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Facebook, Instagram va WhatsApp uzilishlarga duch kelishdi. Taxminan olti soat davomida bu xizmatlar butun dunyo bo‘ylab mavjud bo‘lmagan. Hozirda ularning faoliyati to‘liq tiklandi.