Sud avtobloger Bobur G‘aniyev va ikki kishiga nisbatan qarorini e’lon qildi, deya xabar bermoqda poytaxt IIBB.

30 sentabr kuni «Xavfsiz poytaxt» tadbiri davomida Uchtepa tumanidagi «Farhod» bozori oldida YHXB inspektorlari Epica avtomobilini to‘xtatib, undagi Abror Qo‘zuboyev (ijtimoiy tarmoqlarda «bloger Abror» sifatida tanilgan), avtobloger Bobur G‘aniyev va Obid Salimovlarni ushlagan.

Toshkent IIBBning ta’kidlashicha, haydovchining hujjatlari tekshirilayotgan vaqtda Bobur G‘aniyev YHXB inspektorlarini haqorat qilgan, IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, jamoat tartibini buzgan. Qo‘lga olinganlar Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan. Hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o‘tkazish jarayonida B.G‘aniyevning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlanganligi aytilgandi.

2 oktabr kuni Toshkent IIBB blogerning qo‘lga olinishi va uning faoliyati haqida videosyujet e’lon qildi.

IIBB xodimlari bodikameralaridagi videolarga ko‘ra, Bobur G‘aniyev YHXB xodimlari bilan qo‘pol muomala qilgan, ularning talabiga ko‘ra mashinadan chiqishdan bosh tortgan va «davlat hokimiyati vakili ustidan ochiqdan-ochiq kulgan».

Shuningdek, videoda ushbu holatdan sal oldinroq olingan lavhani ko‘rish mumkin. Unda bloger: «GAIlar qayerda bor ekan, reyd qayerda bo‘lyapti? Iltimos, o‘shani aytib yuboringlar. O‘sha reyd joyidan aylanib o‘tardikda», deb so‘ragan.


Bobur G‘aniyev. Foto: Toshkent shahar IIBB.

Videoda Bobur G‘aniyev IIBB va PPX xodimlarini haqoratlaganligi va ularning qonuniy talablarini bajarmaganligini tan olgan.

Uchtepa tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudyasi inspektorlarga nisbatan «ment» so‘zining ishlatilishini haqoratlash deb topdi, Bobur G‘aniyevni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga muvofiq (haqoratlash) aybdor deb topib, 20 BHM miqdorida (5,4 mln so‘m) jarimaga tortdi.

Bundan tashqari, bloger MJKning 194-moddasi (IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ham aybdor deb topildi va 1 BHM (270 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Shuningdek, MJKning 195-moddasiga muvofiq (IIO xodimlarining xizmat vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilish) bloger 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi berildi.

Abrorbek Qo‘ziboyev 183-modda (mayda bezorilik) bo‘yicha ayblovdan ozod qilinib, lekin MJKning 194-moddasi 1 qismi va 195-moddalarida aybdor deb topildi. Unga 1 BHM miqdoridagi jarima va 15 sutka ma’muriy qamoq belgilandi.

Obid Salimov ham MJKning 195-moddasiga binoan 15 sutkaga qamaldi (183- va 194-moddalar uning ayblovidan chiqarib tashlandi).

«195-moddaga binoan, telefonga olganingiz va ommani o‘zingizga qaratganligingiz uchun 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi», — deya ta’kidladi sudya.

Videoda Bobur G‘aniyevning telefonida topilgan pornografik materiallar boshqalarga tarqalganligini tekshirish uchun ekspertizaga yuborilganligi aytildi. Uning natijasida holatga huquqiy baho beriladi.

Munosabat

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram kanalida bu ish uyushtirilganligi haqidagi shubhalarini yozdi.

«Birinchidan, qanday qilib IIB xodimlari qo‘liga blogerning telefoni tushib qoldi? Telefondan jinoyat quroli sifatida foydalanilib IIB yoki boshqa shaxslarga tan jarohati yetkazilganmi? Ikkinchidan, telefon nima uchun tintuvdan o‘tkazildi? Bu tintuv emas, ko‘zdan kechirish, deyilsa telefonning ost-ustiga qaraladi xolos. Ya’ni uning pichoq, to‘pponcha, non emas, aynan telefon ekanligiga ishonch xosil qilish uchun ko‘riladi. Bu o‘rinda IIB xodimlari fuqaroning telefonidan qandaydir noqonuniy material topish maqsadida tintuv o‘tkazishgan ko‘rinadi. Tintuv uchun esa sanksiya kerak. IIB xodimlariga sanksiyasiz tintuv o‘tkazishga huquq berilganmidi?», — deya ta’kidladi deputat.

U, shuningdek, telefonni tintuvdan o‘tkazish qanday usul va tartib bo‘yicha olib borilishi to‘g‘risida tartib bormi deya so‘ragan. Deputat erkak va ayol o‘rtasidagi jinsiy aloqaga doir video va tasvirlarning voyaga yetgan fuqaro telefonida bo‘lishi mumkinmasligi qaysi qonunda belgilanganligini ham so‘ragan.

«Haqorat qilish deganda, fuqaro aynan qanday so‘zlarni ishlatgan bo‘lishi lozim. Masalan, IIB xodimlarini kalamush (kalamushlar — otsыlka k slovam prezidenta Shavkata Mirziyoyeva o sotrudnikax OVD na postax mejdu oblastyami) deyish haqoratga kirmaydiyu, „ment“ so‘zi kiradimi. Bu qayerda belgilangan?», — deydi deputat.

Shuningdek, Rasul Kusherbayev blogerning «ommani o‘ziga qaratganligi uchun» 15 sutkaga qamalgani bo‘yicha xavotirini ma’lum qildi.

«Biroq har kuni ommani o‘ziga qaratayotgan boshqalarning ahvoli endi ne kechadi? Masalan, saylovoldi siyosiy partiyalar va nomzodlar qanchalab omma e’tiborini o‘zlariga qaratishayapti. Bu ularning ishi aslida», — dedi u.

Xizmat tekshiruvi

Bobur G‘aniyev qo‘lga olinganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda Uchtepa tumani IIO FMB xodimlari tomonidan tarqatilganligi taxmin qilingan videolavhalar paydo bo‘ldi. Ularda Bobur G‘aniyevning polda o‘tirganligi, uning oldida erkak kishi turganligini ko‘rish mumkin.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Isoxonovaning «Gazete.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu videoni tasvirga olgan odamning shaxsini aniqlash va keyinchalik huquqiy choralar ko‘rish bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan.

U Bobur G‘aniyevning nisbatan jismoniy va psixologik bosim bo‘lganligini inkor etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bloger charchaganidan polga o‘tirganligini aytgan. Xizmat tekshiruvi doirasida bu ma’lumot tekshiriladi.