Moldovaning «Sherif» klubi tarkibida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Jasurbek Yaxshiboyev Yevropa chempionlar ligasi doirasida «Real Madrid» darvozasiga gol urdi.

«Santyago Bernabeu» stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinning 25-daqiqasida jamoadoshining chap qanotdan uzatgan to‘pini Yaxshiboyev boshi bilan madridliklar darvozasiga yo‘lladi va hisobni ochdi.

32-daqiqada Yaxshiboyevda yana bir yaxshi imkoniyat yuzaga keldi, biroq uning jarima maydonchasi tashqarisidan yo‘llagan zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi. O‘yinning 57-daqiqasida Jasurbek Yaxshiboyev almashtirildi.

65-daqiqada qirollik klubi hujumchisi Karim Benzema penaltidan hisobni tenglashtirdi.

O‘yinning oxirida, 89-daqiqada «Sherif» yarim himoyachisi Sebastyan Till gol urib, moldovalik klubga musobaqadagi ikkinchi g‘alabani naqd qildi. O‘yin 1:2 Jasurbek Yaxshiboyev jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi.

Chempionlar ligasi «D» guruhidan o‘rin olgan «Sherif» ikki o‘yindan keyin 6 ochko bilan hozirda o‘z guruhida peshqadamlik qilmoqda. Madridliklardan tashqari, Yaxshiboyev klubi bilan bir guruhda Ukrainaning «Shaxtyor Donetsk» va Italiyaning «Inter» jamoalari ham bor.

O‘FA matbuot kotibi Davron Fayziyevning yozishicha, futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets 24 yoshli hujumchini oktabrdagi yig‘inga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Jasurbek Yaxshiboyev 30 avgust kuni «Sherif» klubi safiga ijara asosida «Legiya Varshava» klubidan kelib qo‘shilgan edi.

Video

Foto