Ijtimoiy tarmoqlarda 27 sentabr kuni Surxondaryoda Lacetti haydovchisi Yo‘l patrul xizmati xodimini mashina kapotida haydab ketgani aks etgan video tarqaldi.

Qayd etilishicha, ushbu voqea 13 sentabr kuni Qumqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan. YPX inspektori Sh. M. hech qanday sababsiz yo‘lning qatnov qismida turgan va sun’iy tirbandlik yaratgan Lacetti haydovchisidan hujjatlarini ko‘rsatishini hamda mashinani yo‘l chetiga o‘tkazishni talab qilgan.

Haydovchi T. X. esa inspektorning qonuniy talabini bajarmasdan, avtomashinani inspektorning ustiga haydab yuboradi, inspektor esa to‘xtab turgan avtomashina oldida bo‘lganligi sababli avtomashina old qismiga osilib qolgan. Harakatlanib borayotgan avtomashina old qismida bo‘lgan YPX inspektori haydovchini bir necha marotaba ogohlantirishiga qaramasdan uni taxminan 3,4 km masofaga olib ketgan.

YPX inspektori shu kunning o‘zida tuman shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha haydovchiga nisbatan Qumqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, inspektoriga qarshilik ko‘rsatib, avtomashinada sudrab ketgan haydovchiga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.