Yevropa Ittifoqi bir hafta ichida 2 mingdan ortiq muhojirni chiqarib yuborishga harakat qilgan — Belarus rasmiylari

O‘tgan hafta davomida Belarusga qariyb 2,3 ming muhojirni Yevropa Ittifoqidan chiqarib yuborishga urinishlar bo‘lgan, deya ma’lum qildi mamlakat davlat chegara qo‘mitasi raisi Anatoliy Lappo.

«O‘tgan haftada 150 ga yaqin guruh bo‘lgan. 2,3 mingga yaqin odam. Balki ba’zilarini 2−3 martadan [Belarusga jo‘natishmoqchi bo‘lishgan]», — dedi Belarus chegara bo‘limi boshlig‘i. Uning ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqidan Belarusga kuniga kamida 300 kishilik 25 ta muhojirlar guruhi chiqarib yuborilmoqda. «Bular o‘sha avval [G‘arbga] taklif qilingan noqonuniy muhojirlar va hozir yordam so‘rab murojaat qilayotganlardir. [Yevropa Ittifoqida] ularni siqib chiqarishmoqda», — deydi Lappo.

Misol tariqasida, u bir necha haftadan buyon Belarus-Polsha chegarasida qolgan bir guruh afg‘on qochqinlari bilan bog‘liq vaziyatni keltirdi. «Agar chegarachilar, mahalliy aholi ularga yordam bermaganida, ular uzoqqa qolmasdan yo‘q bo‘lib ketardi. Tabiiyki, biz — chegarachilar, mahalliy aholi — ularga oziq-ovqat va issiq kiyim bilan yordam berdik. Aksiya bugun, ertaga bo‘lib o‘tadi. Albatta, biz odamlarni qiyinchilikda qoldirmaymiz. Odamlarga bunday munosabatda bo‘lish mumkin emas. Biz aytdik: sizni isitaylik, lekin ular Yevropa Ittifoqiga, taklif qilingan joyga, borishga qat’iy qaror qilishgan», — dedi qo‘mita raisi. — TASS.

Bundan tashqari, Minsk rasmiylarining aytishicha, Polsha va Litva Belarusga 8 mingdan ortiq qochqinlarni chiqarib yuborishga harakat qilgan. «Faqat avgust-sentabr oylarida Polsha va Litva hududidan Belarus hududiga 700 dan ortiq chiqarib yuborish urinishlarining oldini olindi. Polyaklar va litvaliklar 8,5 mingdan ortiq qochoqlarni Belarus hududiga siqib chiqarishga harakat qilishdi. Bu yerga yuborilishidan oldin odamlarni kaltaklashadi, elektr toki bilan urishadi va bunday holatlar har kuni sodir bo‘ladi», — dedi Xavfsizlik Kengashi davlat kotibi Aleksandr Volfovich.


Islandiya parlamentida Yevropada ilk bor aksariyat o‘rinlarni ayollar egallaydi

Islandiya shanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinlarni ayollar egallagan Yevropadagi birinchi mamlakat bo‘ladi. Alting (Islandiyaning bir palatali parlamenti) 33 ayol va 30 erkak kishidan iborat bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, ilgari bu nisbatda Shvetsiya yetakchilik qilgan — u yerdagi parlamentda ayollar 47 foizni tashkil qilgan. Islandiya bu ko‘rsatkich 52,3 foizni tashkil qiladi. — Interfaks.


Kritda kuchli zilzila yuz berdi. Bir kishi halok bo‘ldi

Kritning markaziy qismida 5,6 magnitudali zilzila qayd etilgan. Fojia epitsentri Iraklion shahridan 21 km janubi-sharqda bo‘lgan. Silkinish intensivligiga ko‘ra, seysmik hodisa «halokatli» deb baholandi. Zilzila oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. To‘qqiz kishi, jumladan bolalar jarohat olgan, ikki kishi kasalxonaga yotqizildi.

Shuningdek, Luson va Mindoro (Filippin) orollarini ajratuvchi Verde orolining akvatoriyasida 5,6 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan.


«Tolibon» erkaklarga soqol olish va sartaroshxonaga borishni taqiqladi

Harakat bu qarorni islom talablari bilan izohladi. Bu haqda Hilmand viloyati axborot va madaniyat bo‘limi boshlig‘i Hafiz Rashid Hilmandi xabar berdi, deb yozadi TASS Ettelaat’ga tayanib. Xabarga ko‘ra, ko‘rsatilgan hududda hafta oxirida kuchga kirgan cheklovlar butun Afg‘onistonga tegishli. Hilmandning o‘zida, Qandahor viloyatida kabi, musiqa ijro etishga ham taqiq qo‘yilgan.

Ta’kidlanishicha, mamlakat bo‘ylab ko‘plab sartaroshxonalar «Tolibon» jangarilari tomonidan ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilingani uchun yopilgan.

Shuningdek:

  • «Tolibon» Tojikiston rahbariyatini qo‘shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi. «Biz Tojikistonning ichki ishlarimizga aralashmasligini istaymiz. Biz u bilan yaxshi munosabatda bo‘lishni xohlaymiz, lekin bir mamlakatning qo‘shnisining ichki ishlariga aralashuvi hech kimning manfaatlariga xizmat qila olmaydi. Har bir harakatga qarshi harakatlar topiladi», — dedi Afg‘oniston muvaqqat hukumati raisi o‘rinbosari Abdul Salam Hanafiy. Shu bilan birga, hukumat vakili Kobul Pekin bilan munosabatlarini mustahkamlashiga umid bildirdi. «Xitoy bizning qo‘shnimiz va BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida yangi Afg‘onistonda ijobiy va muhim rol o‘ynaydi deb umid qilamiz», — dedi Hanafiy.
  • «Tolibon» mamlakatdan qo‘shni davlatlarga temir-tersakni (metallolom) noqonuniy olib chiqishni to‘xtatishni talab qildi. Afg‘oniston Islom Amirligining Ichki ishlar vazirligi politsiyaga kontrabanda bilan shug‘ullanganlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Mamlakatda metallolom eksportining avj olishi avgust oyida, AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishidan so‘ng, boshlandi. Ta’kidlanishicha, AQSh qo‘shinlari qiymati o‘n mlnlab dollarga teng texnika va uskunalarni tashlab ketishgan. Bu texnika metallolom sotuvchilarining e’tiborini tortdi. Avgust oyi oxirida Afg‘oniston Islom Amirligining iqtisodiy komissiyasi mamlakatdan metall qoldiqlarini olib chiqishni qat’iy taqiqladi. Biroq qo‘shni mamlakatlarda tashlab ketilgan Amerika harbiy texnikasiga talab yuqori bo‘lgani sababli bu taqiq rioya qilinmadi, deb aytiladi xabarda.

Dunyodagi yadroviy arsenal 13 mingdan ortiq o‘q-doriga yetdi

2021 yil boshiga kelib, to‘qqiz mamlakatning yadroviy arsenali jami 13,1 mingta o‘q-doriga yetdi. Bu haqda Amerika olimlari federatsiyasining yangi tadqiqotida aytilgan. «„Sovuq urush“ davridan beri yadroviy qurollarni kamaytirish borasidagi yutuqlarga qaramay, jahon yadroviy o‘qlarining umumiy zaxirasi juda yuqori darajada qolmoqda: 2021 yil boshida to‘qqizta mamlakatda 13100 ga yaqin o‘q-dori bo‘lgan», — deyiladi tadqiqotda.

«Yadro qurollarining 91 foizga yaqini Rossiya va AQShga to‘g‘ri kelib, ularning har birining operativ harbiy arsenalida 4 mingga yaqin oq-dori bor», deyiladi xabarda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiya va Isroil nisbatan barqaror zaxiraga ega. Xitoy, Hindiston, Shimoliy Koreya, Pokiston, Rossiya va Buyuk Britaniya yadroviy qurol arsenalini ko‘paytirmoqda. Dunyodagi 13,1 ming yadroviy o‘qning 9,6 mingga yaqini raketalar, samolyotlar, kemalar va suv osti kemalarida foydalanish uchun harbiy arsenalda qo‘yilgan. Qolgan jangovar kallaklar hisobdan chiqarilgan bo‘lsa-da, baribir ishlatilishga yaroqlidir.

Zaxirada joylashtirilgan va utilizatsiyaga yuborilgan o‘qlarni hisobga olgan holda, to‘qqiz mamlakatda quyidagi sonda yadroviy o‘q-dori mavjud: Rossiya — 6257, AQSh — 5550, Xitoy — 350, Fransiya — 290, Buyuk Britaniya — 225, Pokiston — 165, Hindiston — 160, Isroil — 90, Shimoliy Koreya — 45. Tarixiy nuqtai nazardan, dunyodagi yadroviy qurollar soni «Sovuq urush» davridan beri sezilarli darajada kamaydi — 1986 yildagi 70,3 mingdan 2021 yil boshidagi 13,1 mingga yetdi.


Shuningdek:

  • Germaniya sotsial-demokratik partiyasi Germaniya bundestagiga saylovlarda 25,7% ovoz bilan g‘alaba qozondi. Hukmron XDI / XSI partiyasi bloki 24,1% ovoz oldi.