Davlat bojxona qo‘mitasi va uning Farg‘ona, Navoiy, Namangan va Samarqand viloyatlaridagi hududiy boshqarmalari tezkor bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli tezkor tadbirlar natijasida respublika hududiga olib kirilgan tovar moddiy boyliklarini bojxona rasmiylashtiruvidan oldin almashtirib qo‘yishga urinish holatlarining oldi olingan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Xususan, bir tadbirkorlik subyekti nomidan chetdan kirib kelayotgan konteyner kosmetika va parfyumeriya vositalari yuklanganligi qayd etilib, Toshkent viloyatida ro‘yxatga olingan. Shundan so‘ng konteyner «Qo‘qon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga rasmiylashtirish uchun yuboriladi.

Qayd etilishicha, belgilangan tartibda tovarlarni tekshirish vaqtida, konteynerda kosmetika va parfyumeriya vositalari o‘rniga 1,5 tonna og‘irlikdagi shisha idishlar va 21 tonnadan ortiq kir yuvish kukuni borligi ma’lum bo‘lgan. Ya’ni yo‘l-yo‘lakay tovarlar boshqalari bilan almashtirib qo‘yilgan.

Xabarda aytilishicha, holat bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzilib, konteynerni dastlab olib kelgan haydovchi topilgan va uning ko‘rsatmasiga binoan, dastlab konteynerda bo‘lgan tovarlar poytaxtning Bektemir tumanidagi omborlardan birida tushirilganligi aniqlangan.

Tezkor qidiruv ishlari olib borilib, ombor tekshirilgan vaqtda, tushirib qolingan tovarlar allaqachon boshqa mashinaga yuklanganligi va ombordan chiqarib yuborilganligi ma’lum bo‘lgan.

Tezkor bo‘linmalar xodimlari tomonidan tovarlar yuklab olib ketilgan transport vositasining joylashuvi orqali yuk Samarqand viloyati Urgut tumanidagi bir tadbirkorning omboriga tushirilganligi aniqlangan.


«Tekshiruv vaqtida omborxonadan 460 dan ortiq nomdagi 721 mingga yaqin kosmetika va parfyumeriya vositalari, shuningdek, turli xil shisha idishlar va kir yuvish kukunlari topildi. Fosh etilgan tovarlarning umumiy qiymati 11 881 700 000 (11,9 mlrd) so‘mni tashkil etdi» — deyiladi xabarda.

Hozirda aniqlangan fakt asosida bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi aytilmoqda.

Qayd etilishicha, joriy yilning boshidan respublika bojxona organlari tomonidan aniqlangan 7700 ta huquqbuzarlik holatida umumiy qiymati 547 milliard so‘mlik tovar moddiy boyliklari noqonuniy ko‘chirilishining oldi olingan.