16 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida» gi qarorni imzoladi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar berdi.

Ushbu hujjatga muvofiq, O‘zbekiston tomonidan 2021 yil 28 may kuni Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan MDH ishtirokchi-davlatlarining Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida imzolangan tashkilot ishtirokchi-davlatlari aholisi bandligiga ko‘maklashish sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim tasdiqlandi.

«Mazkur Bitimning O‘zbekiston tomonidan tasdiqlanishi mehnat migratsiyasini tartibga solish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashuvchi axborot portallarini integratsiya qilish orqali MDH ishtirokchi-davlatlari mehnat bozoridagi mavjud ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni muntazam yangilab borish, shuningdek, MDH ishtirokchi-davlatlari hududida norasmiy bandlikni qisqartirish bo‘yicha samarali hamkorlikni amalga oshirishga xizmat qiladi.», — deyiladi xabarda.