Bugun, 16 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga jo‘nab ketdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Sammitda tashkilotga a’zo mamlakatlar, kuzatuvchi maqomidagi va muloqot bo‘yicha sherik davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etadi.

«Davlat rahbarlari kengashining majlisida SHHTning o‘tgan 20 yildagi faoliyati hamda Tojikiston raisligining yakunlari ko‘rib chiqilib, ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb vazifalari muhokama qilinadi. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi», — deyiladi xabarda.

Sammit yakunida Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilinishi va boshqa hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek SHHTga raislik O‘zbekistonga o‘tadi.

Anjuman doirasida «SHHT — KXSHT» formatidagi uchrashuv o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.