AQSh prezidenti Jo Bayden, Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison va Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson xavfsizlik bo‘yicha yangi uch tomonlama alyans — AUKUS tuzilishini e’lon qilishdi, deb xabar bermoqda BBC News.

«Bu bir-biriga xayrixoh sheriklari va hamkorlari bor uchta mamlakat uchun o‘zaro qadriyatlarni himoya qilish va Hind-Tinch okeanlari mintaqasida xavfsizlik va farovonlikni ta’minlash uchun tarixiy imkoniyat», — deyiladi qo‘shma bayonotda.

AQSh prezidenti Jo Bayden ta’kidlashicha, ushbu tashabbus a’zo mamlakatlar manyovr qila olishi va tez rivojlanayotgan tahdidlardan o‘zini himoya qila olishi uchun eng zamonaviy imkoniyatlarga ega bo‘lishni ta’minlashga qaratilgan.

O‘z navbatida, Avstraliya bosh vaziri «dunyo murakkablashib borayotganini», ayniqsa Hind-Tinch okeani mintaqasida holat qiyinlashganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaga kerak bo‘lgan xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga yordam berish uchun mamlakatlar hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishi kerak.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning aytishicha, ushbu alyans dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga va yuzlab yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Davlatlar yetakchilarining fikriga ko‘ra, AUKUS uch mamlakatga Hind-Tinch okeani mintaqasida o‘z manfaatlarini himoya qilishga yordam beradi.

Bundan tashqari, ushbu pakt natijasida Avstraliya AQSh tomonidan taqdim etiladigan texnologiyalardan foydalangan holda birinchi marotaba o‘zining atom suv osti kemalarini quradi. BBC ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kelishuv natijasida Avstraliya oldinroq Fransiyadan 12 ta shunday suv osti kemalarini sotib olish bo‘yicha erishgan bitimidan voz kechgan. Kelishuv qiymati 31 mlrd yevroga teng edi. Fransiya tashqi ishlar vaziri ushbu holatdan norozi ekanligini bildirgan.

Mutaxassislarning fikricha, sun’iy intellekt va texnologiyalar bo‘yicha boshqa kelishuvlarni qamrab oluvchi ushbu pakt so‘nggi o‘n yilliklarda mamlakatlarning eng katta mudofaa hamkorliklaridan biri.

Shuningdek, AUKUS alyansidagi davlatlar kiber imkoniyatlar va boshqa suvosti texnologiyalar bilan o‘zaro o‘rtoqlashish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar.

Xitoy xalq respublikasi TIVining rasmiy vakili Chjao Litszyan AQSh va Buyuk Britaniyaning atom suvosti kemalarini qurish bo‘yicha texnologiyalarni Avstraliyaga topshirish haqidagi qarorini «juda mas’uliyatsiz ikki xil standartlar» holati deb atadi hamda pakt ishtirokchilari «eskirgan sovuq urushi mentaliteti va chegaralangan geopolitik konsepsiyalardan» voz kechishi kerakligini ta’kidladi.