Yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 4,9 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining 9 sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 1,3 mlrd dollarga yoki 35% ga, 2019 yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd dollarga yoki 26% ga o‘sgan. Ushbu mablag‘lar aholining iste’mol va investitsion faolligini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuningdek, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining ortishi ichki valyuta bozorida taklif hajmining barqaror bo‘lishi va milliy valyuta kursi shakllanishida muhim o‘rin tutishi ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi yanvar-aprel oylarida 1,99 mlrd dollarni tashkil etgan edi.