7 sentabr kuni «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar berdi Huquqiy axborot Telegram-kanali.

Qaror bilan Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida 2021 yil 10 iyun kuni O‘zbekiston hamda Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida imzolangan Tojikiston-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitim tasdiqlandi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.

Norma qayd etishiga ko‘ra, Tojikiston-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi boshlang‘ich ustav kapitali 12 mln dollar bo‘lgan va bosqichma-bosqich 50 mlngacha yetkazilishi rejalashtirilayotgan MCHJ ko‘rinishida tashkil etiladi.

O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ustav kapitalini shakllantirishdagi ulushi 75%, «Tadjinvest» davlat unitar korxonasining ulushi 25 foizni tashkil etmoqda.

Investitsion kompaniyaning maqsadi Tojikiston hududidagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish hisoblanadi. Uning faoliyatining asosiy turlari quyidagilar hisoblanadi:

  • mavjud va qaytadan tashkil etilayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav kapitalidagi aksiyalarni sotib olish, qarz ajratish, qimmatli qog‘ozlar chiqarish yo‘li bilan investitsiya kiritish;
  • Tojikiston va xorijiy investorlarga xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav kapitalidagi investitsiya kompaniyasining ulushlarini amalga oshirish;
  • xalqaro investitsiya va moliya institutlari (kompaniyalari) bilan, jumladan, Tojikistonda, ular bilan iinvestitsiya aloqalarini muvofiqlashtirish, shuningdek qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishda hamrohlik qilish va ko‘maklashish;
  • investitsiya kompaniyasi ishtirokchilari ro‘yxatini kengaytirish uchun xorijiy va mahalliy investorlarni izlash va jalb qilish;
  • Tojikiston tijorat banklariga tijorat asosida mablag‘ ajratish.