31 avgust kuni «Yangi O‘zbekiston» majmuasida Mustaqillik monumentining ochilish marosimiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Unda ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoyev bog‘ning yuqoridan ko‘rinishi daraxtning beshta shohiga o‘xshashi va uning o‘ziga xos rasmiy ma’nosi borligini ta’kidladi.

«Agar yuqoridan nazar tashlasangiz, bog‘ning shakli ulkan daraxtning beshta shoxiga o‘xshaydi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ifoda etadi… Bu go‘zal bog‘da poytaxtimiz aholisi, Toshkent viloyati va barcha hududlarimizdan, xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda», — dedi u.

104 gektar maydonda joylashgan majmuada sun’iy ko‘l, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, hunarmandchilik do‘konlari barpo etilmoqda.

Davlat rahbari majmua yonida Olimpiya shaharchasi bunyod etilishi, unda 2025 yili Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarining asosiy musobaqalari o‘tkazilishini qayd etdi.

Qolaversa, majmua hududida zamonaviy oliy ta’lim dargohi, tibbiyot klinikalari, xalqaro ko‘rgazma markazlari va boshqa obyektlardan iborat shaharcha qurilmoqda.

Mustaqillik monumenti esa O‘zbekistonning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kunga qadar, 3 ming yillik davr ichida yuz bergan eng muhim voqealarni o‘zida mujassam etgan.

«G‘oyat qiyin va murakkab sharoitda respublika ravnaqini, xalqimizning tinchligi va omonligini o‘ylab, o‘zini ayamasdan xizmat qilgan atoqli davlat arboblarimiz faoliyati ham atroflicha yoritildi. O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lini aks ettirish e’tibor markaziga qo‘yildi», — dedi davlat rahbari.

Shundan so‘ng, davlat rahbari Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. Uning ortidan prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, davlat idora va tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish organlari, hokimliklar, madaniyat va sport vakillarining ham gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto