28 avgust kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi «Amfiteatr» majmuasida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirini o‘tkazish vaqtida ichki ishlar organlari xodimlari hamda Xalq deputatlari tuman kengashi deputati Feruza Babasheva va xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi deputati Jahongir To‘laganov o‘rtasida ziddiyat yuzaga keldi.

Viloyat IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tadbirda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, bayram tadbiriga kelgan shaxslarni karantin qoidalariga amal qilgan holda tibbiy niqobda kirishlarini nazorat qilish bo‘yicha O‘rta Chirchiq tumani IIB xodimlari xizmatga jalb etilgan.

Xizmatdagi xodimlar tomonidan bayram tadbiriga kelgan Feruza Babasheva va Jahongir To‘laganov tibbiy niqobsiz bo‘lganligi sababli kirish yo‘lagida to‘xtatilgan va karantin qoidalariga rioya qilgan holda himoya niqobini taqib kirishlari haqida aytilgan, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ular o‘zlarini deputat deb og‘zaki ravishda tanishtirgan va karantin qoidalariga amal qilishdan bosh tortib, xodimlarning qonuniy talablarini bajarmagan.

«Jarayonda Feruza Babasheva o‘zining deputat ekanligini va daxlsizlik huquqi borligini pesh qilib, xizmat vazifasini bajarayotgan IIB xodimlarini „Sharmandalar“ deb kamsitgan va ushbu jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri 7 daqiqa 53 soniya davomida video tasvirga olib onlayn tarzda „Fecebook“ ijtimoiy tarmog‘iga uzatgan», — deyiladi IIBB xabarida.

IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovning qayd etishicha, Toshkent viloyati IIBB tomonidan vaziyat to‘liq o‘rganilgan hamda voqea ishtirokchilarining harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida to‘plangan materiallar prokuratura organlariga yuborilgan.

Qolaversa, deputatlardan jamoat tadbirlarida belgilangan tartib qoidalarga to‘liq rioya etishlarini hamda xizmat vazifasini olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga bo‘ysunmaslikni targ‘ib qilish amaliyotidan voz kechishlari so‘ralgan.

Deputatlarning izohi

Deputat Jahongir To‘laganovning so‘zlariga qaraganda, bayram bo‘layotgan amfiteatrga kirish qismida 50 nafarga yaqin yosh bolalar, ota-onalar, ayollar turgan bo‘lgan. Avvaliga deputatlarni ichki ishlar organlari xodimlari o‘tkazib yuborishgan, ularning kirishiga hech qanday qarshilik ko‘rsatishmagan, tibbiy niqob taqish ham so‘ralmagan.

Deputat Feruza Babasheva esa odamlar nima sababdan to‘planib turgani bilan qiziqqan.

«Kirib ketayotgan paytimizda bolalarning hammasi bizga qarab turgandi, [ichki ishlar organlari xodimlari] bizni o‘tkazib yuborishayapti, lekin bolalarni o‘tkazmayapti. Nima uchun bu bolalar turibdi, bular ham o‘tsin, desam, ichkari to‘lgan, deyishdi. Men tashqarida-ku bayram, bemalol turib ko‘rish mumkin, bayram bolalar uchun-ku deb aytdim. Endi men deputat bo‘lib kirib ketsamda, bolalar tashqarida qolib ketishi, boshqalarga bilmadim, masalan menga yomon ta’sir qiladi», — deya voqea nimadan boshlanganini so‘zlab berdi u.

Feruza Babasheva ularni o‘zi tartibga solib turishini aytib, kiritib yuborgan. Bir bolali ayolni esa IIB xodimlari qo‘lidan ushlab olib, kirishga ruxsat bermay, ortiga qaytargan. Buni ko‘rgan deputat Jahongir To‘laganov ularning qilayotgan ishi noto‘g‘riligini aytgan.

«O‘sha o‘rta yoshli ayol ham birovning kelini, qizi. Qo‘lida bola turibdi, ayolning qo‘lidan ushlab (videoda deputat bilagidan ushlab tortganini ko‘rsatgan), darvozadan orqaga tortib, ko‘chaga itarib tashlayapti. Itarib tashlaganda ham qo‘lidan qo‘yvormayapti, tortqilab yotibdi. Men nimaga unday qilayapsiz, nimaga ayol kishiga kuch ishlatayapsiz, bu sizga nima qildi, deb savol berdim. Shundan so‘ng IIB xodimi men bilan tortishib ketdi», — degan Jahongir To‘laganov.

Uning ishontirishicha, niqob aslida bahona, niqob taqmagan fuqaroni mahkamaga olib borish shart emas, joyida bayonnoma tuzib, ma’muriy javobgarlikka tortish mumkin.

Jahongir To‘laganov va Feruza Babasheva. Foto: Videodan lavha.

Ta’kidlanishicha, o‘sha yerda bo‘lgan «tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari chetga chiqib, telefonda gaplashib bo‘lgach, deputat Jahongir To‘laganovni idoraga olib borish bo‘yicha buyruq bergan».

«Kabinetda gaplashamiz bu bilan, olib borib, moshinaga tiqlaring buni, dedi. Men bolalar bilan sal nariroq ketgandim, — deya vaziyatni tushuntirishda davom etdi Feruza Babasheva. — To‘xtab, „nimaga qo‘yib yubormayapsizlar, deputat bu, bizni bayramimizga men bilan kelayotgan odam“, desam qo‘yvormadi. Aslida efirni boshidan, 20 ga yaqin organ xodimlari 50 ga yaqin bolalarni ushlab turgani holatidan olganimizda bu juda qaltis vaziyatdagi efir bo‘lar edi».

Shundan so‘ng, IIB xodimlari buyruqni bajarib, Jahongir To‘laganovni sudray boshlashgan.

«Tabiiyki, men tumanimizga kelgan mehmon deputatning yonini oldim va xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari, deputatlik maqomi to‘g‘risida tushuntira boshladim», — dedi Feruza Babasheva Facebook orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir qilganiga izoh berar ekan.

Jahongir To‘laganov esa ichki ishlar organlari xodimlaridan qaysi qonunni buzgani uchun uni idoraga olib ketayotganiga tushuntirish berishlarini so‘ragan.

«Savolimga javob bera olmayapti. Siz ishimizni amalga oshirishimizga qarshilik qildingiz, deyapti. Agar hech qanday qonunni buzmagan bir ayolni qo‘lidan ushlab, unga kuch ishlatsayu, men unga qarab tursam, qanaqa bo‘ladi? Agar shu qonunbuzarlik bo‘lsa, mayli men roziman jarimaga tortsa ham», — dedi u.

Deputatlarning so‘zlariga ko‘ra, video tasvirga olish boshlanguniga qadar «anchagina mojaro» bo‘lgan. Video olish boshlanganida esa xodimlar muomalasini o‘zgartirib, niqob yo‘qligini bahona qilishga urinishgan.

Ma’lumot uchun, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida"gi qonunning 11-моддасиga muvofiq, deputat o‘zining vakolatlari muddati mobaynida daxlsizlik huquqiga ega. Tegishli Xalq deputatlari kengashining roziligisiz deputat mazkur hududda jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.