O‘zbekiston prezidentining 26 avgustdagi farmoni bilan taniqli san’at arbobi, O‘zbekiston xalq artisti marhum Botir Zokirov (1936−1985) «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi. U hayot bo‘lganida bu yil 85 yoshga to‘lgan bo‘lar edi.

«O‘zining buyuk iste’dodi, noyob va betakror ijodi bilan o‘zbek estrada san’atiga asos solib, milliy madaniyatni rivojlantirish, uning shon-shuhratini dunyo xalqlari o‘rtasida keng targ‘ib etishga qo‘shgan beqiyos hissasi, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasidagi unutilmas xizmatlarini inobatga olib mukofotlansin», deyiladi hujjatda.

2020 yilning dekabrida prezident Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda Toshkentda unga atab milliy estrada oliy maktabi, san’atkor nomiga bag‘ishlangan yodgorlik majmui va muzey ochilishi rejalashtirilgan edi.

Bundan tashqari, poytaxtda Botir Zokirovga atab haykal o‘rnatiladi, Navoiy ko‘chasidagi u yashagan uyda yodgorlik lavhasi paydo bo‘ladi. O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi joylashgan Olmazor ko‘chasi Botir Zokirov nomi bilan ataladi.

Badiiy Akademiya rahbari Akmal Nur prezidentga Botir Zokirov haykali variantlarini taqdim etmoqda, 2021 yil 8 iyun. Foto: Prezident matbuot xizmati.

2000 yili Botir Zokirov O‘zbekistonning birinchi prezidenti tomonidan «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan ham mukofotlangan edi.