O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi genomika va bioinformatika markazi olimlari iste’mol qilsa bo‘ladigan vaksinani ishlab chiqishdi. Bu haqda Sevimli TV telekanalining Zamon dasturida ma’lum qilindi.

Mutaxassislardan biri dasturga bergan intervyusida vaksina qanday «ishlashini» tushuntirib berdi.

«Pomidor pishganidan keyin uni iste’mol qiladigan bo‘lsak, oshqozonimizga tushadi. Oshqozonimizda pomidorlarning hujayralari parchalanadi. Hujayralarning ichida antigen (antitanachalar ishlab chiqaruchisi — tahr.) hosil bo‘ladi. O‘zbekistonda uchrayotgan koronavirusni olib turib, toj qismini klonlab, mana bu o‘simlik hujayrasiga kiritdik. O‘simlik hujayrasida tekshirib ko‘rdik, haqiqatdan ham vaksina ajralmoqda», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqat mahsuloti orqali emlanish tajribasi Rossiya va Kanadada qo‘llanilmoqda. Masalan,Sankt-Peterburgda iste’mol qilsa bo‘ladigan biokefir bakteriyalariga asoslangan COVID-19 ga qarshi vaksina («ryajenka vaksinasi») sinovdan o‘tkazilmoqda, Kanadada esa Bentham tamakisi asosidagi CoVLP koronavirusiga qarshi o‘simlikka asoslangan vaksina ishlab chiqilgan. U issiqxona sharoitida o‘stirilgan, shundan so‘ng uning novdalari genetik modifikatsiyalangan Agrobacterium tumefaciens bakteriyasi bilan zararlantirilgan.

«Buni biz qatiqda iste’mol qiladigan bo‘lsak, u oshqozonimiz orqali ichaklarga o‘tib, ichaklarda antitanachalar shimilishi va u yerda immun tizim ishlashi natijasida bizda koronavirusga qarshi immunitet hosil bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Ta’kidlanishicha, vaksina ishlab chiqilishida pomidor, bodring kabi poliz mahsulotlari bejiz tanlanmagan. Ularga termik ishlov berilmaydi, mahsulotlar yuqori haroratda pishirilganda, antitanachalar hosil qiluvchi vaksina parchalanib ketadi, deyiladi reportajda.

«Pomidorda sintezlangan koronavirusning S-oqsili oshqozon orqali ichakka tushib, immun tizimini uyg‘otadi. Hosil bo‘lgan antitanachalar patogen organizm bilan kurasha boshlaydi. Bunday vaksinatsiya bolalar uchun ayni muddao», — dedi Fanlar Akademiyasi qoshidagi genomika va bioinformatika markazi direktori Zabardast Bo‘riyev «Xalq so‘zi»ga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ishlanma Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotida birlamchi vaksina sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

«Hozir vaksina-pomidorning laboratoriyada pishib yetilishini kutyapmiz. Keyin uni sichqon, quyon va kalamushlarga yedirib, natijalarni tahlil qilamiz. Sinovlar joriy yilda to‘liq yakunlanishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro mollekulyar allergologiya markazi ishtirokida va bir guruh Vena universiteti bilan hamkorlikda vaksinalar yaratish bo‘yicha yana bir loyiha ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.

«Qoramol koronavirusga qarshi vaksinalar bilan vaksinatsiya qilinsa, uning sutida mana shunday immunoglobulin A paydo bo‘ladi. Bu sutni pasterizatsiya qilib pishirmasdan turib ichilsa, organizmda sutdagi immunoglobulin A koronavirusga qarshi kurashadi», — dedi u.