Shavkat Mirziyoyev KXSHTning Afg‘onistondagi voqealar bo‘yicha sammitida ishtirok etadi. Bu haqda dushanba kungi brifingda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Unga ko‘ra, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatni hisobga olib, xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan xatarlar bo‘yicha yaqin xorijdagi hamkor mamlakatlar va mintaqadagi qo‘shnilar tomonidan bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan chuqur tanishish maqsadida prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti davlat rahbarlarining videoanjuman shaklida o‘tadigan sammitida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etadi.

Shuningdek, Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti, ekologik holatni yaxshilash va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha yig‘ilish, sport ta’limini takomillashtirish, olimpiya zaxirasini yaratish yuzasidan videoselektor o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Yangi xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qilish marosimi ham rejaga kiritilgan.