Huquqshunos, bloger Zafarbek Solijonov o‘zining Telegram-kanalida «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlik saylovlariga nomzod bo‘lgan partiya rahbari, Qonunchilik palatasi cpikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovni qo‘llab-quvvatlash uchun respublika maktablarining birida majburiy imzolar olinayotgani haqida xabarni e’lon qildi.

Ularda «hokimiyat yetakchisi maktabda ishlayotgan targ‘ibotchilardan uyma-uy yurib, Alisher Qodirovni saylashni talab qilishayotgani» aytilgan.

Foto: Zafarbek Solijonov

Yana bir xabarda, maktab o‘qituvchilaridan ularning roziligisiz imzo varaqalariga majburiy ravishda qo‘l qo‘ydirilayotgani aytilmoqda.

Foto: Zafarbek Solijonov

Mazkur holat yuzasidan Alisher Qodirov munosabat bildirdi.

«Prezidentlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash uchun imzo yig‘ishda majburlash bo‘lmasligi kerak. Sizning imzoingiz — huquqingizdir. Sizni majburlashlariga yo‘l qo‘ymang», — deb yozadi u.

Alisher Qodirov yuqoridagi holat qaysi tumandagi qaysi maktabda sodir bo‘lgani aniqlanib, tasdiqlansa ushbu imzo varaqalari umumiy ro‘yxatdan chiqarib tashlanishini ta’kidladi.

Shuningdek, imzo yig‘ish jarayonida «Milliy tiklanish» partiya faollari tomonidan bosimga uchraganlik haqidagi ma’lumotlarni @alisherqodirov_bot manziliga xabar berish so‘raldi.

«Biz xalqimizga xizmat qilish yo‘lida samimiy va fidoyi tarafdorlarimizga tayanamiz. Biz ochiq va shaffof raqobat tarafdorimiz», — deya qo‘shimcha qildi Alisher Qodirov.