22 avgust — 5 sentyabr kunlari “Forish” tog‘ poligonida “ArMI — 2021” VII Xalqaro armiya o‘yinlarining “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Dala oshxonasi” musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.

O‘yinlarga start berish oldidan davlatlar nomidan musobaqalarda qatnashayotgan hakamlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Unda “Harbiy tibbiy estafeta” bosh hakami, tibbiyot xizmat polkovnigi Nosirjon Fozilov (O‘zbekiston) har bir davlatdan yigit va qizlar jamoalarida 24 nafardan vakil borligi, pandemiya sharoitida ularni sog‘lig‘i doimiy ravishda nazorat qilinayotganini ma’lum qildi.

Foto: Abdullo Yodgorov / “Gazeta.uz”

“Barcha jamoalar musobaqalarga borishidan avval vaksina olgan bo‘lishi kerak. Ishtirokchilarni [O‘zbekistondagi musobaqalar ishtirokchilari] hammasi emlangan. Shu bilan birga, PSRga test topshirgan bo‘lishi kerak va jamoalar test javoblari bilan kelgan. Shunga qaramasdan biz barcha jamoalarni kelganidan boshlab 5 kunga alohida [karantinga] joyladik. Barcha tahlillarni, jumladan, qaytadan PSR testini oldik. 5 kun o‘tib, biz ularni sog‘lig‘iga ishonch hosil qilgandan keyin tayyorgarlik ishlariga jalb qildik”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiyaga qaramasdan 2020 va 2021 yilgi armiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinmoqda.

“Hozirgi kunda [musobaqa ishtirokchilarining] sog‘lig‘i bo‘yicha hech qanday muammosi yo‘q. Bugun tushdan keyin yana qo‘shimcha navbatdagi tekshiruvlarni amalga oshiramiz. Ya’ni konkurs davomida pandemiyadan kelib chiqib, barcha choralarni ko‘ramiz. Biror kim kasal bo‘lib qolishiga sharoit yaratib qo‘yishga haqqimiz yo‘q”, — dedi Fozilov.

Bosh hakamning ta’kidlashicha, xorijiy ishtirokchilar uyiga qaytib ketishidan oldin ham to‘liq tekshiruvlardan o‘tadi.

Foto: Abdullo Yodgorov / “Gazeta.uz”

Bu yilgi “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida 8 davlat — O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Belarus, Vetnam, Myanma, Falastin, Tojikiston jamoalari, “Dala oshxonasi” musobaqasida 5 mamlakat — O‘zbekiston, Vetnam, Rossiya, Belarus va Tojikiston jamoalari qatnashmoqda.

Ma’lumot o‘rnida 22 avgustdan 5 sentyabrgacha davom etadigan “ArMI — 2021” Xalqaro armiya o‘yinlarida 43 davlatdan 295 ta jamoa ishtirok etayapti. Bu yilgi o‘yinlarda O‘zbekiston 24 ta yo‘nalish musobaqalarida kuch sinashadi.