O‘zbekiston Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi qo‘shma loyihalarga Xitoy texnologiyalarini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar qildi.

Hozirda XXR Markaziy harbiy kengashi Qurol, harbiy texnika va texnologiyalarni rivojlantirish bosh boshqarmasi delegatsiyasi O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston-Xitoy tomoni mas’ul vakillari tomonidan qurol, harbiy texnika va texnologiyalar sohasida hamkorlik bo‘yicha mavjud va istiqbolli loyihalar, ularni amalga oshirish muddatlari hamda hamkorlik sohasini tizimli tartibda rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilinadi, deyiladi xabarda.

Tashrif davomida xorijiy delegatsiya vakillariga O‘zbekiston mudofaa sanoati kompleksi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan harbiy va ikki maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar namoyish etildi.