Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida ko‘pqavatli uylar oralig‘idagi bo‘sh joylarda qurilishlar va kommunal infratuzilmalarni modernizatsiya qilmasdan qurilayotgan yangi binolar masalasiga to‘xtaldi.

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda keyingi yillarda zamonaviy uy-joylar qurish bo‘yicha yangi davr boshlandi. So‘nggi to‘rt yilda avvalgi yillarga nisbatan 4−5 barobar ko‘p uy-joylar barpo etildi, bu yilning o‘zida 54 ming oilani yangi uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, dedi u.

«Shuni alohida ta’kidlash kerakki, biz ilgari uy-joy qurilishiga zamon talablaridan kelib chiqib, bunday keng yondashmaganmiz va hozirgidek keng ko‘lamdagi qurilish ishlarini amalga oshirmaganmiz. Biz bu yo‘lda dastlabki qadamlarni qo‘yib, katta tajriba orttirmoqdamiz. Barcha hududlarimizda aholi uchun qulay va shinam, barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan uy-joylar barpo etilmoqda», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev ipoteka bozori rivojlanayotganini va «arzon uy-joylar», «aqlli uy», «aqlli shahar», «raqamli xizmatlar» degan yangi tushuncha va ko‘nikmalar kirib kelayotgani haqida ta’kidladi.

Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanayotganini ma’lum qildi,

«Kelgusida uy-joy fondini shunday darajaga olib chiqishimiz kerakki, aholining barcha qatlamlari uy-joy sotib olish va bu borada tanlash imkoniga ega bo‘lishi lozim», — deya ta’kidladi u.

Davlat rahbari ushbu sohadagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi. Xususan, ko‘pqavatli uylar oralig‘idagi bo‘sh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy e’lon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish va yashil hududlarni kamaytirish holatlariga.

«Ba’zi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan, sport bilan shug‘ullanadigan, farzandlari bilan birga toza havoda dam oladigan ochiq joyning o‘zi qolmayapti. Albatta, biz bunday holatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rmasdan turolmaymiz», — dedi prezident.

«Shuning uchun ham Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda. Turarjoy mavzelari ichida kommunal infratuzilmalar — gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilmasdan, yangi binolar qurish amaliyotiga barham berildi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fevral oyida investitsion loyihalar taqdimotida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayevga murojaat qilib, shahar ichidagi qurilish loyihalari haqida tanqidiy fikrlar bildirdi. «Men Toshkentda 4−5 yil ishlaganman og‘ayni. Bu yerga 120 mm li kichkinagina kanalizatsiya qo‘yganmiz… Sen esa u yerda 9 qavatli uy quribsan», — degan edi prezident.