BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Afg‘onistondagi «Tolibon» va barcha tomonlarni tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lmasligi va gumanitar yordam yetkazib berish imkoniyatini ta’minlash uchun maksimal darajada bosiq bo‘lishga chaqirdi.

«Mojaro yuz minglab odamlarni uylarini tark etishga majbur qilmoqda. Janglardan zarar ko‘rgan jamoalarda jiddiy inson huquqlari buzilayotgani haqida xabarlar kelishi davom etmoqda», — deydi BMT rahbari nomidan uning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.

Bosh kotib «Tolibon» va barcha tomonlarni xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga rioya qilishga, barcha fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga va hurmat qilishga chaqirdi.

«Bosh kotib, ayniqsa, ayollar va qizlarning kelajagidan xavotirda. Ularning katta mashaqqat bilan qo‘lga kiritilgan huquqlari himoya qilinishi kerak», — deyiladi bayonotda.

BMT, shuningdek, muhtoj bo‘lgan barcha afg‘onlarga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qildi.

«Bosh kotib barcha tomonlarni gumanitar tashkilotlarga hayotiy zarur bo‘lgan yordamni o‘z vaqtida yetkazish uchun to‘siqsiz kirishini ta’minlashga chaqiradi», — deyiladi BMT vakili bayonotida.

16-avgust, dushanba kuni BMT rahbari Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha Xavfsizlik Kengashi a’zolari bilan bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari yig‘ilishida nutq so‘zlaydi.