Muxbir Daliev Telegram-kanali seshanba kuni obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori Sardor Rajabboyevning xususiy uyida majburiy mehnatga jalb qilingani haqida ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, ishlar uchastkada bahordan beri olib borilmoqda va katta ehtimol bilan obodonlashtirish xodimlari mehnatiga haq davlat hisobidan qoplangan.

Kanal muallifi Andijon viloyati prokuraturasining viloyat prokurori o‘rinbosari B. Ismoilov imzolagan o‘tkazilgan tekshiruv natijalari to‘g‘risidagi xatni e’lon qildi.

Unda aytilishicha, besh nafar ishchi tushuntirish xati yozgan. Ularning ikki nafari Sardor Rajabboyevning uyida bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Qolgan uch nafari esa ixtiyoriy borib, obodonlashtirish ishlarini bajarishgani, ularni biror shaxs majbur qilmaganini bayon qilishgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlanganini ma’lum qildi.