1,1 mlrd so‘m miqdoridagi kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni O‘zbekiston hududiga olib kirmoqchi bo‘lganlar aniqlandi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Mazkur holat Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan DXX va IIO bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbir davomida aniqlangan.

Toshkent shahrining Bektemir tumanida Mercedes-Benz Sprinter avtomashinasining yukxonasida bodring solingan qoplar ostida 9 ta qopda hamda yo‘lovchi o‘rindig‘i ostidagi 1 ta qopda jami 6076 ta flakonda «Tropikamid» tomchi dorilari yashirilgani ma’lum bo‘lgan.

Bojxona qo‘mitasi qayd etishiga ko‘ra, mazkur dorilarni qabul qilib olishi lozim bo‘lgan shaxs ham qo‘lga olingan.

«Jinoiy guruh rejasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari keyinchalik shahar dorixonalari bo‘ylab tarqatilishi lozim edi. Ushbu holatda huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan „Tropikamid“ kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd 93 mln 680 ming so‘mni tashkil qilmoqda», deyiladi xabarda.

Shuningdek poytaxtning Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi Lacetti avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Mashina salonida 500 dona flakonda «Tropikamid» kuchli ta’sir etuvchi dori vositasi, 3 dona «Regapen» kapsulasi, 0.32 gr gashish va 1 dona elektron tarozi borligi aniqlangan.

Tezkor tadbirning navbatdagi bosqichi Chilonzor tumanida davom ettirilgan. Unda, 2 nafar shaxslar Qatortol ko‘chasida boshqa bir shaxsga 503 dona kuchli ta’sir qiluvchi modda — «Regapen» dori vositasini oldi-berdi qilishayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Umumiy qiymati salkam 1,1 mlrd. so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deyiladi xabarda.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.