Xalq ta’limi vazirligi yangi 2021−2022 o‘quv yilida maktablarda dars jarayoni gibrid shaklda davom ettirilishiga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, maktabda yuzaga keladigan vaziyatga qarab maktab Sanitariya-epidemiologiya nazorati Markazlari taklifiga asosan mahalliy kengashlar qarorlariga ko‘ra ayrim maktablar karantinga yopilib masofaviy tizimga o‘tkazilishi mumkin.

Qo‘shimcha qilinishicha, bunday holatlarda o‘quvchilar ta’limni vaqtincha masofaviy shaklda uydan davom ettiradi. O‘quvchining masofadan ta’lim olishiga imkoniyat yaratish maqsadida Milliy teleradiokompaniyaning telekanallari orqali “Onlayn maktab” loyihasi doirasida efirga uzatilayotgan darslar davom ettiriladi.

“Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi an’anaviy ta’limni to‘liq tiklanishi uchun barcha tizim xodimlarini tezroq vaksina olishlarini so‘rab qoladi. Hech qanday eng zamonaviy masofaviy ta’lim tizimi ham bevosita maktabdagi ta’lim o‘rnini bosa olmaydi”, — deyiladi xabarda.

Avgust oyi boshida o‘tkazilgan videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev pandemiyani yengib o‘tish doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda 10 mingga yaqin bemor shifoxonada, 3 ming nafari uy sharoitida davolanayotgan bo‘lsa, 2,4 ming nafari og‘ir, 890 nafari o‘ta og‘ir ahvolda. “Virusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti — vaksinatsiya”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.