Toshkent IIBB Qalampir.uz internet-nashri jurnalisti Feruza Najmiddinovaнинг sha’ni va qadr-qimmatini toptash maqsadida montaj qilingan videorolikning internetda e’lon qilinishi ortidan tergovga qadar tekshiruv boshladi. Boshqarma matbuot xizmatining shanba kuni xabar qilishicha, jurnalist unga tuxmat qilgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan.

Sayt bayonotida aytilishicha, videorolik tarqatilishidan bir kun avval, 6 avgust kuni Feruza Najmiddinova Tashkent City hududidagi restoranlar koronavirusga qarshi kurashish Respublika maxsus komissiyasi tomonidan taqiqlanganiga qaramasdan, soat 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqidagi tanqidiy-tahliliy reportajni tayyorlagan. Bu, tahririyat fikricha, «ayrimlarning „dumini bosdi“ va bu unga nisbatan nafratni yanada oshirdi».

«Bugun biz istalgan odamni «shes sekund»da sharmanda qilish, uning ustidan istalgan vaqtda mag‘zava ag‘darib, tomosha qilib turish, obro‘sizlantirish va shu yo‘sinda alam olish oson bo‘lgan davrda yashayapmiz», — deyiladi Feruza Najmiddinova bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan tahririyat bayonotida.

Taniqli bloger va jurnalistlar, deputatlar, Senat raisi Tanzila Narbayeva, ombudsman Feruza Eshmatova, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov, uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva hamda boshqalar sodir bo‘lgan voqeani qoralab, shuningdek, jurnalistni himoya qilib chiqdi.

O‘zbekiston IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov vaziyat vazirlik nazorati ostida ekanini ma’lum qilib, yolg‘on axborot, tuhmat, pornografik ma’lumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tdi. «Biz jurnalistlarni xolislik, ochiqlik, shaffoflik doirasidagi faoliyatini qadrlaymiz va ularni himoyasiga doimo tayyormiz», — deya ta’kidladi u.

Munosabatlar

«Feruza, biz siz bilanmiz! Biz siz tarafdamiz!» — deb yozdi Tanzila Narbayeva. U vaziyatni «nafaqat jurnalistning kasbiy huquqlari, balki asosiy inson huquqlari buzilishining eng shafqatsiz holatlaridan biri» deb baholadi.

«Bu holatning adolatli o‘rganilishi Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan nazoratga olindi. Biz internet tarmog‘idagi uyushgan tazyiq holatlarining davom etishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — deya ta’kidladi u.

«Inson huquqlarini tahminlash va murojaatlar bilan ishlashda xalq dardini tanqidiy va tahliliy ruhda olib chiqayotgan jur’atli jurnalistni qo‘pol qilib aytganda ovozini o‘chirishga qaratilgan ushbu xatti harakat qonun normalariga mutlaqo zid», — deyiladi ombudsman Feruza Eshmatova bayonotida.

U bunday vaziyatda ko‘pchilik jurnalistlarning birlashishi natijasida tanqidiy tahliliy materiallar yanada ko‘payishiga ishonch bildirdi. «Jur’atli va qo‘rqmas qalam ahli bu kabi zarbalardan yanada toblanadi», — dedi u.

Komil Allamjonov jurnalistlarga bosim o‘tkazishning eng jirkanch usullaridan biri internet tarmog‘ida uyushtirilgan tazyiq bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. «Odatda bunday usuldan nojoiz yoki noqonuniy ishlari jurnalistik surishtiruvga tushganlar foydalanadi», — deb yozdi u.

«Buning yo‘li oddiy: yolg‘on qanchalik dahshatli bo‘lsa, unga ishonish shunchalik oson. Tarmoqqa qing‘ir feyk joylanib, yolg‘onning to‘laqonli targ‘iboti boshlanadi. Maqsad — jurnalistlarni qo‘rqitib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan bosh tortishga majbur qilish», — deya ta’kidladi prezidentning sobiq matbuot kotibi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining sobiq rahbari.

«Hamkasblar, agar sizning ovozingizni o‘chirishga, nomingizni chaplashga yoki tuhmatga qoldirishga urinishayotgan bo‘lsa, demak, Siz to‘g‘ri yo‘ldasiz, kimgadir qattiq tegib ketgan haqiqatni yozyapsiz. Mass-media fondi bunday holatlarga jim qarab turmaydi — biz har bir professionalning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilamiz», — dedi u.

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, prezidentning qizi Saida Mirziyoyeva ushbu holat yuzasidan videomurojaat qilib, ayol jurnalistlar va blogerlardan aslo shashtini so‘ndirmasligini so‘radi. «Shantaj, bo‘xtonlar sizni sindirib qo‘ymasin! Men siz bilanman!» — dedi u.