8 avgust, Tokiodagi yozgi Olimpiada-2020 oxirgi kunida bokschi Bahodir Jalolov (+91) musobaqalarda ishtirok etadi. Oltin medal uchun jangda u amerikalik super og‘ir vaznli bokschi Richard Torresga qarshi ringga ko‘tariladi. Jang Toshkent vaqti bilan 11:15 da bo‘lib o‘tadi.Bokschilar shu vaqtga qadar 2019 yilgi jahon chempionati chorak finali doirasida uchrashganlar. O‘shanda Torres ringdan zambilda olib chiqib ketilgan — amerikalik birinchi raundda nokautga uchragan.

Ayni vaqtda Richard Torres Panamerika o‘yinlari (2019) bronza medali, yoshlar o‘rtasi jahon chempionati (2019) bronza medali sovrindori, «Oltin qo‘lqop» milliy musobaqasi g‘olibi, ko‘p karra AQSh chempioni, havaskorlar o‘rtasidagi xalqaro va milliy turnirlar g‘olib va sovrindorlaridan hisoblanadi. Bo‘yi — 188 sm.

Finalgacha bo‘lgan yo‘lda amerikalik jazoirlik Shuaib Buludinat, kubalik Dayner Peroa va qozog‘istonlik Kamshibek Kunkabayevni mag‘lubiyatga uchratdi.

Bahodir Jalolov, o‘z navbatida, Olimpiya o‘yinlari (2016) chorak finalchisi, jahon chempioni (2019), jahon chempionati (2015) bronza medali sovrindori, uch karra Osiyo chempioni (2017, 2019, 2021) sanaladi. Professional boksda 8 uchrashuvning barchasida g‘alaba qozondi. Bo‘yi 201 sm, qo‘llarining uzunligi esa 202 sm.

Finalgacha bo‘lgan yo‘lda o‘zbek bokschisi ozarbayjonlik Magomed Abdullayev, hindistonlik Satish Kumar va britaniyalik Freyzer Klarkni mag‘lub etdi.