Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari mintaqani rivojlantirish masalalarini muntazam ko‘rib chiqish uchun doimiy maslahat platformasi sifatida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha muloqotni tashkil etish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan uchinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan mintaqa davlatlari rahbarlarining qo‘shma баёнотида bu haqda so‘z boradi.

Tomonlar, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tezroq tartibga solish Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni saqlashning muhim omillaridan biri ekanini tasdiqladilar hamda mazkur mamlakatda tinchlik va kelishuvga erishishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Markaziy Osiyo davlatlari barcha manfaatdor davlatlar va xalqaro tashkilotlarning Afg‘onistonda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalarini qayta tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydilar.

Mintaqa mamlakatlari moliya tizimini birgalikda rivojlantirish va mintaqaga investitsiyalarni jalb qilish maqsadida «Astana» Xalqaro moliya markazidan Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari hamda xorijiy investorlarni bog‘laydigan iqtisodiy platforma sifatida foydalanishga kelishib oldilar.

Markaziy Osiyo davlatlari mintaqa davlatlari o‘rtasidagi migratsiyani nazorat qilish sohasida tegishli organlarning o‘zaro aloqalarini kuchaytirish, shuningdek, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy, ijtimoiy, informatsion-konsultativ yordam ko‘rsatishning ahamiyatini tan oldilar.

Mintaqaning besh davlati tovar va yuklarning erkin va to‘siqlarsiz tranziti uchun transport-tranzit sohasida hamkorlik, jumladan, aviatsion, avtomobil, temir yo‘l, daryo va dengiz transporti uchun xalqaro yo‘nalishlarni, multimodal transport yo‘laklari, xalqaro ko‘p funksiyali logistika, savdo va turizm markazlarini modernizatsiya qilish, innovatsion, energiyatejamkor va elektron texnologiyalarni joriy etish hamda transchegaraviy jarayonlarni soddalashtirishning muhimligini ta’kidladilar.

Tomonlar «Shimol-Janub» va «Sharq-G‘arb» xalqaro yo‘laklarini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni maksimal kuchaytirishni qayd etdilar.

Markaziy Osiyoda transport kommunikatsiyalari va transport tizimini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha dastur va bitimlarni kelishib olish bo‘yicha mintaqaviy uchrashuvlarni tashkil etish tezlashtiriladi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari O‘zbekistonning BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.

Mintaqa davlatlari savdo-iqtisodiy, energetika, transport-logistika va innovatsiya yo‘nalishlaridagi hamkorlikka maqsadga qaratilgan va tizimli tus berish uchun Markaziy Osiyo davlatlari sanoatchilari va tadbirkorlarining besh tomonlama kengashini tashkil etish zarurligini ma’lum qildilar.

Tomonlar innovatsion dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida samarali hamkorlik qilish, ilmiy tadqiqotlarni birgalikda o‘tkazish, ijtimoiy va iqtisodiy o‘sishning yangi manbalarini topish maqsadlarida ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida tajriba almashishda kuchlarni birlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ular, shuningdek, OTMlararo va ilmiy almashinuvlar bo‘yicha mintaqaviy dasturni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Markaziy Osiyoning barcha davlatlari iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish, cho‘llashishga qarshi kurashish, suv-energetika resurslaridan ratsional foydalanish, atrof-muhit va ekologiyani muhofaza qilish, muzliklarni saqlash va uran chiqindilari omborlarini rekultivatsiya qilish, resurstejamkor va yashil texnologiyalarni, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha loyiha va dasturlarni ilgari surish sohalarida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash zarurligini qayd etdilar.

Global iqlim o‘zgarishlarining dunyodagi, jumladan Markaziy Osiyodagi muzliklarga salbiy ta’sirini hisobga olib, mintaqa davlatlari Tojikistonning 2025 yilni Muzliklarni saqlab qolish xalqaro yili deb e’lon qilish hamda Muzliklarni himoya qilish xalqaro jamg‘armasini tashkil etish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari Turkmanistonning past uglerodli energiya bo‘yicha BMT strategiyasini, shuningdek, BMT shafeligida energetikadagi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida vodorodni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro yo‘l xaritasini ishlab chiqish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Uchrashuv ishtirokchilari mintaqadagi, shu jumladan, Orol dengizi havzasi, ayniqsa ekologik inqirozga yuz tutgan hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirlari bilan bog‘liq muammolarni hal etishda kuchlarni birlashtirish, shuningdek, suv, atmosfera havosining ifloslanishi, yerlar degradatsiyasi, muzliklarni saqlab qolish, o‘rmon maydonlarini kengaytirish, tabiiy ofatlar, jumladan, suv toshqinlari, sellar, qurg‘oqchilik xavfini kamaytirish hamda toza ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha hamkorlikdagi chora-tadbirlarni qabul qilishga kelishib oldilar.

Mintaqa davlatlari Qozog‘istonning BMT shafeligida kasalliklar va bioxavfsizlik ustidan nazorat bo‘yicha mintaqaviy markazlar tarmog‘ini tashkil etish, shuningdek, BMT shafeligida maxsus ko‘p tomonlama organ — BMT Xavfsizlik kengashiga hisob beradigan Biologik xavfsizlik bo‘yicha xalqaro agentlik ta’sis etish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladilar.

Tomonlar, shuningdek, viruslar va boshqa infeksiyalarning yuzaga chiqish sabablari, ular keltirib chiqaradigan kasalliklarning paydo bo‘lish shakllari, yuqumli kasalliklarni davolash va profilaktika usullarini o‘rganish bo‘yicha mintaqaviy mexanizmni tashkil etishga kelishib oldilar.

Markaziy Osiyo davlatlari oziq-ovqat va birlamchi ehtiyoj tovarlari uchun «yashil yo‘lak» mexanizmlarini joriy etish va yetkazib berish zanjirini qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qildilar.

Mintaqa davlatlari turizm sohasida, jumladan, pandemiyadan keyin mazkur sektorning qayta tiklanishini tezlashtirish va mintaqa davlatlari o‘rtasida sayyohlik almashinuvini qayta yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdilar, transchegaraviy hududlarda turistik zonalar va klasterlarni tashkil etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga kelishib oldilar.