Yo‘l-patrul xizmati xodimlariga biriktirilgan maxsus xizmat avtomobillarining tom qismiga maxsus qurilma o‘rnatilmoqda. Uning old, orqa va yon tomonida kuzatuv kameralari bo‘lib, transport vositasi to‘xtab turgan vaqtida ham 360 gradus radiusga ega bo‘lgan masofada haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni aniqlaydi, deya ma’lum qildi YHXBB.


Qurilma qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtash va to‘xtab turish, harakatlanish tezligini oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga amal qilmaslik, taqiqlovchi chiroqda to‘xtab turgan vaqtida to‘xtash chizig‘ini bosish qoidabuzarliklarini, shuningdek davlat raqami belgisi orqali avtomobilning qidiruvda yoki yo‘qligini aniqlaydi.

Qoidabuzarliklar onlayn tarzda qayd etiladi va yashash manziliga jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qaror yuboriladi.

Qurilma hozirda Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. Sinov yakunlangandan so‘ng respublikaning barcha hududlarida qo‘llash rejalashtirilgan.