Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyul kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining «Yoshlik-1» konini borib ko‘rdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ma’lumotga ko‘ra, kombinat tashkil etilganidan buyon o‘tgan 70 yillik davr mobaynida bu yerda 1,5 milliard tonna ruda qazib olinib, 6 million tonnadan ortiq mis, 3,5 ming tonna kumush va 850 tonna oltin ishlab chiqarilgan.

Prezident ta’kidlashicha, hozirda kombinatda qariyb 40 ming nafar ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda va u «sanoatining chinakam lokomotivlaridan biriga aylangan». Respublikada ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi kombinat hissasiga to‘g‘ri keladi, deyiladi xabarda.

Foto: Abdullo Yodgorov/"Gazeta.uz"

Ma’lum qilinishicha, 3 yil ichida mis ishlab chiqarish hajmi 1.5 baravarga ko‘paygan.

«Bular hammasi ko‘p millatli minglab ishchilarning oliyjanob mehnati tufaylidir, pandemiya paytida ushbu kombinatda ish bir kun ham to‘xtagani yo‘q, ular o‘z qahramonligini ko‘rsatyapti», — dedi davlat rahbari.

Davlat byudjetiga tushadigan jami daromadlarning 8 foizini aynan ushbu korxona ta’minlaydi. Keyingi yillarda mis ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobarga ko‘paygan va 150 ming tonnaga yetkazilgan

«U Toshkent viloyatining Qurama tog‘lari bag‘ridagi boy xomashyo zaxirasiga ega bo‘lgan konlar hisobidan kombinatning uzoq yillar samarali va barqaror faoliyat ko‘rsatishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. O‘tgan uch yil mobaynida kombinat konlarida umumiy uzunligi 206 ming metr bo‘lgan 475 ta quduq burg‘ulandi. Xalqaro miqyosda tan olingan xorijdagi laboratoriyalarda ushbu konlar rudasining 100 mingdan ortiq namunalari kimyoviy tahlillar asosida chuqur o‘rganildi», — deydi prezident.

Foto: Abdullo Yodgorov/"Gazeta.uz"

Qayd etilishicha, xalqaro baholash mezonlariga ko‘ra, bu yerdagi misning yalpi zaxirasi — 45 mln tonnani, oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etishi aniqlandi.

«Bu raqamlar esa, dunyodagi eng yirik, noyob oltin va mis konlari aynan mana shu hududda joylashgan deb aytish uchun, to‘la asos bo‘la oladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, bu yerda qazib olinayotgan ruda tarkibida kumush, molibden, selen, tellur, reniy va boshqa nodir metallar borligi ham aniqlangan.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2030 yilga borib mis mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj kamida 40 foizga ortishi prognoz qilinmoqda.

Prezidentning 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq boshlangan ushbu loyihaning qiymati 4 mlrd 894 mln dollarni tashkil etadi. O‘tgan 4 yil mobaynida zarur geologik tadqiqotlar va 83 mln kub metrdan ortiq hajmdagi qazish ishlari bajarilgan.

«Mana endi, dastlabki bosqichda qiymati 2 mlrd dollar bo‘lgan yangi uchinchi mis boyitish fabrikasini qurishni boshlayapmiz», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.