Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyasi va USAID`ning “Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya” loyihasi o‘zbekistonliklar uchun @salom_migrant_bot botini yaratdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu bot orqali migrantlar qonuniy mehnat migratsiyasi va xorijda yashash qoidalari to‘g‘risida ma’lumot olibgina qolmay, odam savdosining mavjud xatarlari to‘g‘risida ham ogohlantiriladi, qaytib kelgan yoki hozirda xorijda bo‘lgan migrantlarga yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha maslahat beriladi.

Bundan tashqari, bot orqali odam savdosi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan onlayn “dolzarb aloqa"ga murojaat qilish imkoniyati bor. Bu kabi murojaatlar bevosita Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyasi ham yo‘naltiriladi.

“Bot tomonidan taqdim etilgan maslahatlar xorijda xavfsiz ishni topishga yordam beradi va uyga qaytayotgan migrantlarga beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot berib, yordam ko‘rsatadi”, — deyiladi xabarda. Shuningek, bot orqali koronavirusga qarshi kurash va profilaktikasida foydali maslahatlardan boxabar bo‘lish mumkin.