2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston ichida va xorijga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganlar soni 156,8 ming kishini tashkil qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga (109,5 ming) nisbatan 43,2 foizga ko‘pdir. Ushbu davrda ko‘chib kelganlar soni ham oshdi — 107,6 mingdan 147,2 ming kishiga. Davlat statistika qo‘mitasining demografik vaziyat to‘g‘risidagi hisobotida bu haqda so‘z boradi.


Manba: «Gazeta.uz» talabi bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasi.

Ma’lumotnoma: Keluvchilar deb muayyan hududga uning chegaralari tashqarisidan kelib, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlarga, ketuvchilar deb esa yashash joyidan ro‘yxatdan chiqib, hudud tashqarisiga ketganlarga aytiladi.

O‘tgan yillarda O‘zbekiston tashqarisiga doimiy yashash uchun ketuvchilar soni sezilarli darajada oz bo‘lgan: 2018 yilning birinchi yarmida — 6568 kishi, 2019 yilda — 4900.

O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlarning asosiy qismi Qozog‘iston (jami xorijga ko‘chib ketganlarga nisbatan 65,6%), Rossiya (25,3%), Tojikiston (2,2%), Qirg‘iziston (1,6%), Ukraina (1,0%) va boshqa mamlakatlar (4,3%) hissasiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan ko‘chib kelganlarning asosiy qismi Qozog‘iston (jami xorijdan ko‘chib kelganlarga nisbatan 35,9%), Tojikiston (21,6%), Rossiya (17,1%), Qirg‘iz Respublikasi (6,3%), Turkmaniston (4,0%) va boshqa mamlakatlar (15,1%) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Migratsiya saldosi (ketuvchilar va keluvchilar umumiy soni o‘rtasidagi farq) -9,6 ming kishini tashkil etdi. Migratsiya saldosi Qashqadaryo (-4,9 ming kishi), Toshkent (-4,3 ming kishi), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, va Samarqand viloyati (-4,2 ming kishi), Surxondaryo (-3,2 ming kishi), Farg‘ona va Buxoro (-2,2 ming kishi) viloyatlarida ko‘chib ketganlar soni ko‘chib kelganlar soniga nisbatan sezilarli darajada balandligi kuzatildi. Migratsiya saldosining ijobiy darajasi Toshkent shahrida (23 ming kishi) kuzatildi.

Solishtirish uchun: 2018 yilning birinchi yarmida migratsiya saldosi -6,2 ming, 2019 yilda — -3,5 ming, 2020 yilda — -1,9 mingtani tashkil etgan.