1999 yilning «16 fevral voqealari»da ayblangan 5 nafar fuqaro oqlandi. Bu haqda Toshkent viloyati sudi matbuot kotibi Sherzod Xudoyberdiyev «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati Zangiota tuman sudining 1999 yil 30 iyundagi hukmiga ko‘ra, Yolkin Kamalov, Muxammadzaxir Xodjayev, Ibroxim Yunusov, Baxtiyor Begmatov, Iskandar Buriyevlar JKning 208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi) bilan aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ularga nisbatan prezidentning 1999 yil 30 apreldagi «9 may Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilinishi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida"gi фармони 2-bandi moddasi tadbiq etilib, tayinlangan jazoni o‘tashdan ozod qilinganlar.

Ularga tayinlangan dastlabki sud hukmiga nisbatan sudlanuvchi Yo.Kamalov, M.Xodjayev, I.Yunusov, B.Begmatov va I.Buriyevlarning himoyachisi advokat N.Kuldashev tomonidan apellyatsiya shikoyati berilgan.

Mazkur jinoyat ishi Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqildi va sudlov hay’ati tomonidan 2021 yil 24 iyul kuni oqlov hukmi chiqarildi.

Sudlov hay’atining oqlov hukmiga ko‘ra, Toshkent viloyati Zangiota tuman sudining 1999 yil 30 iyundagi Yolkin Kamalov, Muxammadzaxir Xodjayev, Ibroxim Yunusov, Baxtiyor Begmatov, Iskandar Buriyevga nisbatan hukmi bekor qilinib, ular JKning 208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi) bo‘yicha aybsiz deb topildi.

Ish bo‘yicha ularning qilmishlarida jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmaganligi sababli JPKning 83-moddasi 2-bandiga (Reabilitatsiya uchun asoslar uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa) asosan reabilitatsiya qilindi va jinoyat ishining ularga oid qismi harakatdan tugatildi.

Oqlanganlar:

  • Kamalov Yolkin Tulaganovich — 1968 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti oliy, oilali, «G‘ishtko‘prik» bojxona maskanida bosh nozir bo‘lib ishlagan;
  • Xodjayev Muxammadzaxir Nabiyevich — 1973 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti oliy, oilali, «G‘ishtko‘prik» bojxona maskanida nozir bo‘lib ishlagan;
  • Yunusov Ibrohim Shovkatovich — 1970 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti oliy, oilali, «G‘ishtko‘prik» bojxona maskanida nozir bo‘lib ishlagan;
  • Begmatov Baxtiyor Nabijanovich — 1974 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti oliy, oilali, «G‘ishtko‘prik» bojxona maskanida nozir bo‘lib ishlagan;
  • Buriyev Iskandar Tojibayevich — 1973 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti oliy, oilali, «G‘ishtko‘prik» bojxona maskanida nozir bo‘lib ishlagan.

1999 yil 16 fevralda Toshkentda, shu jumladan Mustaqillik maydonidagi hukumat binosi yaqinida bir qator kuchli portlashlar sodir bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 13 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohat olgan. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov teraktning diniy ekstremistlar tomonidan uyushtirilgani, ularning maqsadlaridan biri uning hayotiga suiqasd uyushtirishdan iborat bo‘lganini ta’kidlagan edi.