Shuhrat Xoldorovich Otaboyev Xalq banki boshqaruv kengashi raisi etib tayinlandi, deya xabar qildi «Gazeta.uz»ning bank sohasidagi axborot manbasi.

Tayinlovga qadar fevral boshidan buyon u O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Shuhrat Otaboyev (1978 yilda tug‘ilgan) Toshkent moliya instituti (2000), Yaponiya siyosiy fanlar milliy instituti (2005), prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (2010) tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1995 yilda Navoiy viloyatidagi 14-o‘rta maktabda ingliz tili o‘qituvchisi sifatida boshlagan. Toshkent texnika universiteti «Kamolot» markazi bosh buxgalteri (1998−2000) bo‘lib ishlagan.

Markaziy bank tizimida (2001−2018) turli mansablarda, jumladan, Monetar siyosat departamenti direktor o‘rinbosari (2006−2009), Valyuta ayirboshlash maxsus boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar departamenti direktori (2009−2014), Moliya iqtisod departamenti boshlig‘i (2014−2015), MB raisi o‘rinbosari (2017−2018) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi. Xalq banki boshqaruv kengashi raisi o‘rinbosari (2015−2017) va «Ipoteka bank) boshqaruvi raisi (2018−2021) lavozimlarida ham ishlagan.

Bunga qadar 2019 yil oktyabrdan Xalq bankini Farhod Salomov boshqarib kelayotgan edi.