Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) Etika komissiyasi natijalar soxtalashtirilgani sababli Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari kvotalarini qo‘lga kiritgan bir qancha o‘zbekistonlik suzuvchilarning natijalarini bekor qildi. Sport tashkiloti O‘zbekiston Suzish federatsiyasiga qo‘shimcha sanksiyalarni joriy etish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda.

Nima sodir bo‘lgan edi?

«Sport-ekspress» nashrining xabar qilishicha, Tokio-2020 saralashlaridagi eng shov-shuvli janjallardan biri hindistonlik suzuvchi Likita Selvarashning internet-tekshiruvi bilan boshlandi. 2021 yil 13−17 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan suzish bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionatida hindistonlik sportchi hakam signalidan so‘ng startni rad etib, yon devorga urgan holda e’tiborni o‘ziga tortishga urindi.

21 aprel kuni u YouTube`ga videorolik joylashtirib, o‘z harakatlariga izoh berdi va O‘zbekiston Suzish federatsiyasi o‘z sportchilariga qanday qilib Olimpiya o‘yinlari kvotalarini olib bergani, «qolgan norozi bo‘lganlarni yo sotib olish, yoki qo‘rqitishga urinishgani» haqida so‘zlab berdi.

Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun mamlakat ichidagi saralashdan o‘tishning o‘zi yetarli emas. FINA musobalar muayyan saviyada o‘tkazilishiga erishishga harakat qiladi, shu sababdan eng past toifa natijalari bo‘yicha shartlarni o‘rtaga qo‘yadi. Sportchi O‘yinlar yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun ma’lum bir natijalarga erishishi kerak. Odatda suzuvchilar ushbu vazifani mamlakat uy uchrashuvlarida bajarib, milliy terma jamoaga ham saralashdan o‘tadilar.

Joriy yilda koronavirus cheklovlari sababli hamma davlatlar ham milliy chempionatlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ra olmadilar, boshqa suzish federatsiyalari esa o‘z ichki chempionatlarini ochiq tarzda o‘tkazib, qo‘shni davlatlardan legionerlarni taklif qilishni boshladilar. Shunday qilib, O‘zbekistonda o‘tkazilgan ochiq chempionatda mahalliy sportchilardan tashqari, qo‘shni davlatlardan legionerlar, jumladan, hindistonlik Likit Prem ham qatnashdi.

Natijalarni soxtalashtirish

Hindistonlik sportchi o‘z oldiga toifa normativlarini bajarishni qo‘ygan, o‘zbekistonlik suzuvchilarning kvotalarini olib qo‘yishni emas. Birinchi suzishlarda u mahalliy elektronika ma’lumotlari unchalik ham to‘g‘ri emas, degan gumonga borgan. 100 metr masofaga erkin suzishda, protokolga ko‘ra, Aleksey Tarasenko 48,55 soniya (olimpiya normatividan 0,02 soniya yaxshiroq) natija qayd etgan. Biroq Premning tasdiqlashicha, Alekseyning haqiqiy vaqti 51 soniyadan ko‘proq bo‘lgan. Isbot sifatida u suzish jarayoni aks etgan videoni keltiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchi Tokio kvotasini qo‘lga kiritishi uchun vaqt ko‘rsatkichiga tuzatish kiritilgan.

Nashrning qayd etishicha, yolg‘onni payqash qiyish bo‘lishi uchun maxinatsiyalar eng ko‘p dastlabki suzishlarda amalga oshirilgan. Mahalliy suzuvchilarning ertalabki natijalari kechki sessiyalarga qaraganda birmuncha yaxshiroq bo‘lgan. Vaholanki, odatda sportchilar aynan finalda to‘liq kuch sarflaydilar.

FINA komissiyasi tekshiruvlardan so‘ng mazkur jihozlar ma’lumotlariga qasddan o‘zgartish kiritilganini aniqlab, o‘zbekistonlik suzuvchilar — Odilbek Yusupboyev, Eldor Usmonov (100 m batterfley) va Aleksey Tarasenko (100 m erkin usul) natijalarini bekor qildi.

Javob tariqasida O‘zbekiston Suzish federatsiyasi FINA ustidan Sport arbitraj sudiga (CAS) da’vo arizasi kiritdi. Biroq sud FINA va Prem tomonida bo‘ldi va 2020 yil 24−29 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Ochiq kubogi va 2021 yil 13−17 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Ochiq chempionatining ayrim natijalarini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni o‘z kuchida qoldirdi.

Bundan tashqari, CAS FINAga milliy suzish federatsiyasi, amaldorlar va sportchilarga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishni taklif qildi. Xalqaro federatsiya hozirda mazkur masalani o‘rganmoqda.

«Natijalarni manipulyatsiya qilishga bo‘lgan har qanday urinish FINAning tegishli qoidalariga muvofiq jazoga tortiladi. Sodda qilib aytganda, FINA firibgarlik yoki hodisalarni manipulyatsiya qilishning har qanday ko‘rinishlariga toqat qilmaydi», — deyiladi FINA xabarida.

O‘zbekiston o‘tgan yillar davomida Olimpiya o‘yinlarida uch nafardan ortiq sportchilar bilan ishtirok etishning uddasidan chiqa olgani yo‘q. Shu bois Tokioda o‘n kishidan kam bo‘lmagan tarkibda borish rejalashtirilgan edi.

Barcha natijalar bekor qilinishi natijasida olimpiya normativlarini boshqa musobaqalarda bajargan Xurshidjon Tursunov (100 m, erkin usul) va Natalya Kritinina (50 m, erkin usul) kvotalari qoldi, xolos.

Biroq FINA jazo tariqasida butun boshli delegatsiyani suzish bo‘yicha Olimpiada musobaqalarida ishtirok etish huquqidan mahrum etishi, shuningdek, O‘zbekistonni 2022 yilda Yaponiyaning Fukuoka shahrida bo‘lib o‘tadigan suv sporti turlari bo‘yicha jahon chempionatidan diskvalifikatsiya qilishi ehtimoli ham yo‘q emas

MOQ munosabati

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati va O‘zbekiston sport faxriylari kengashining rasmiy bayonotini e’lon qildi.

Xabarda qayd etilishicha, litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatlariga MOQ rahbariyati doimiy tashrif buyurib turgan, o‘z navbatida, MOQ Tezkor shtab vakili Mirsardor Alimov ham musobaqani muntazam kuzatib borgan.

Turnirlar yakunlangach, O‘zbekiston suzish federatsiyasi musobaqalar protokolini MOQga taqdim qilgan va unda 5 nafar atletning Tokio-2020 normativini bajargani ko‘rsatib o‘tilgan. Taqdim etilgan protokollarda belgilangan qoidalarning buzilishi, shu jumladan, keyinchalik hindistonlik suzuvchi tomonidan qayd etilgan voqea haqida ma’lum qilinmagan.

«Biror xorijiy delegatsiya tomonidan, jumladan, Hindiston jamoasi tomonidan mazkur litsenzion turnirlar bo‘yicha shikoyat yoki e’tiroz kelib tushmagan», — deyiladi MOQ xabarida.

Qo‘mita litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatlari natijalari bekor qilinganiga ham izoh berdi.

«O‘zbekiston suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, FINA bu bo‘yicha Toshkentga rasmiy xat jo‘natmagan. Biroq O‘zbekiston suzish federatsiyasi bir necha bor FINAga taqdim etilgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun xabar yo‘llagan va hatto bu masala bo‘yicha Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilgan», — deyiladi bayonotda.

Yakunda, O‘zbekiston suzish federatsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, FINA Universal Place loyihasi asosida faqatgina Xurshidjon Tursunov va Natalya Kritininaga Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma bergan.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, shuningdek, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi rasmiy ravishda ushbu holat hech qanday sport tamoyillariga mos kelmasligini va Olimpizm qadriyatlariga mutlaqo zid ekanligini ma’lum qiladi. O‘z o‘rnida, boshqa federatsiyalar va sport tashkilotlaridan ham belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishni so‘raydi.

Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston suzish federatsiyasi Prezidiumidan quyidagilarni talab qiladi:

  1. Yuqoridagi vaziyatni ko‘rib chiqish, o‘rganish hamda unga huquqiy baho berish uchun Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi va O‘zbekiston suzish federatsiyasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzish;
  2. Xalqaro suzish federatsiyasidan (FINA) litsenzion musobaqada qayd etilgan natijalarning nima sababdan bekor qilingani haqidagi materiallarni taqdim qilishini so‘rash;
  3. Federatsiya bosh kotibi Alisher G‘aniyevni vaqtincha o‘z lavozimidan chetlatilishini.