Suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyev vaqtincha ishdan chetlatildi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati.

Turizm va sport vazirligining taqvim rejasidan o‘rin olgan, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) shafeligida o‘tkazilgan suzish bo‘yicha litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatida yuz bergan vaziyat turli internet nashrlarida katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. MOQ ushbu holat bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirdi.

O‘zbekiston suzish federatsiyasining xabar berishicha, musobaqa yakunlanganidan keyin 21 aprel kuni unda ishtirok etgan hindistonlik sportchi Likit Selvarash Prema turnir davomida nohaqlikka yo‘l qo‘yilgani, mahalliy sportchilarning vaqtlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgani haqidagi videomurojaatini YouTube ijtimoiy tarmog‘iga joylagan.

Qo‘mitaning qayd etishicha, litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatlariga MOQ rahbariyati doimiy tashrif buyurib turgan, tezkor shtab vakili Mirsardor Alimov ham musobaqani muntazam kuzatib borgan. Musobaqadan so‘ng shu yerning o‘zida kichik yig‘ilish tashkil etib, tayyorgarlik jarayonini yanada kuchaytirish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

MOQning ta’kidlashicha, turnir yakunlangach, Suzish federatsiyasi musobaqalar protokolini MOQga taqdim qilgan va unda 5 nafar o‘zbekistonlik atletning Tokio-2020 normativini bajargani ko‘rsatib o‘tilgan. Taqdim etilgan protokollarda belgilangan qoidalarning buzilishi, shu jumladan, keyinchalik hindistonlik suzuvchi tomonidan qayd etilgan voqea haqida ma’lum qilinmagan. Shuningdek, biror xorijiy delegatsiya tomonidan, jumladan, Hindiston jamoasi tomonidan mazkur litsenzion turnir bo‘yicha shikoyat tushmaganligi aytiladi.

«Suzish federatsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, FINA ushbu turnirlarda qayd etilgan natijalarni tan olmadi. O‘zbekiston suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, FINA bu bo‘yicha Toshkentga rasmiy xat jo‘natmagan. Biroq O‘zbekiston suzish federatsiyasi bir necha bor FINAga taqdim etilgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun xabar yo‘llagan va hatto bu masala bo‘yicha Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilgan. Yakunda esa xalqaro tashkilot yo‘llagan „Universal Place“ asosida faqatgina 2 nafar o‘zbekistonlik — Xurshidjon Tursunov va Natalya Kritinina Tokio-2020 o‘yinlariga yo‘llanma olishdi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi, shuningdek, Sport faxriylari kengashi rasmiy ravishda ushbu holat hech qanday sport tamoyillariga mos kelmasligini va olimpizm qadriyatlariga mutlaqo zid ekanligini ma’lum qildi.

Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston suzish federatsiyasi Prezidiumidan quyidagilarni talab qiladi:

  • Yuqoridagi vaziyatni ko‘rib chiqish, o‘rganish hamda unga huquqiy baho berish uchun Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Sport faxriylari kengashi va Suzish federatsiyasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzish;
  • Xalqaro suzish federatsiyasidan (FINA) litsenzion musobaqada qayd etilgan natijalarning nima sababdan bekor qilingani haqidagi materiallarni taqdim qilishini so‘rash;
  • Federatsiya bosh kotibi Alisher G‘aniyevni vaqtincha o‘z lavozimidan chetlatilishini.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi boshqa federatsiyalar va sport tashkilotlaridan ham belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishni so‘radi.