O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi 2021 yilda O‘zbekistonda Qurbon hayiti namozi o‘qilishi bo‘yicha fatvosini e’lon qildi.

«Qurbon hayiti namozida katta jamoat bir joyda jamlanishini inobatga olib, pandemiya yanada avj olmasligi, vabo oqibatlarini yumshatish maqsadida shu kuni iyd namozi ado etilmaydi, o‘rniga uyda Zuho namozini o‘qish tavsiya etiladi», — deyiladi fatvoda.

Shuningdek, yuqoridagi sabablarga ko‘ra juma namozlari ham vaqtincha o‘qilmaydigan bo‘ldi. Boshqa namozlar barcha karantin talablariga rioya qilgan, ya’ni niqob taqqan va oraliq masofani saqlagan holda, masjidlarning ochiq sahnlarida ado etiladi. Masjidlarda qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishish qat’iyan ta’qiqlanadi.

Fatvoga ko‘ra, isitma, yo‘tal kabi kasallik alomatlarini o‘zida his qilganlar, keksalar va kichik yoshdagi bolalarga jamoat namozlarida ishtirok etish tavsiya etilmaydi.

Yoshi ulug‘ keksalar va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlar bilan bog‘liq an’analarni aloqa vositalari orqali amalga oshirib turish tavsiya etildi.

Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida, xonadonlarda o‘qiladi. Marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qat’iy ravishda yurtdoshlarimiz o‘z xonadonlarida, oila davrasida bajarsinlar, fotihagarchiliklarga borishdan hamda o‘tganlarning qabrlarini ziyorat qilishdan saqlanib tursinlar.

Mo‘min-musulmonlar imkon qadar kasallikning tarqalishini oldini olish maqsadida qurbonlik go‘shti ehsonlarini tarqatishda karantin talablariga qat’iy rioya etsinlar. Xayriya va ehson tadbirlarini «Vaqf» jamg‘armasi orqali yoki bevosita amalga oshirish tavsiya etiladi.

«Pandemiya vaziyatida oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, bozorlar va do‘konlarda sun’iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar’an haromdir», — deyiladi fatvoda.

Bundan tashqari, vaksina olmaslik, uning tarkibi to‘g‘risida bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatish durust emasligi ta’kidlandi.