16 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyada nutq so‘zladi.

«Gazeta.uz» muxbiri xabar berishicha, davlat rahbari Afg‘oniston mojarosi mazkur anjumanni o‘tkazishning asosiy omillaridan biri ekanligini qayd etgan.

«Afg‘oniston Islom Respublikasi Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligini amalda ta’minlashning muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. Ishonamizki, mintaqaviy sherikligimiz ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, uning iqtisodiy tiklanishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bugun Afg‘oniston o‘zining eng yangi tarixidagi muhim burilish davrini boshdan kechirmoqda», — dedi prezident.

U so‘zida davom etar ekan, donishmand afg‘on xalqi umummilliy murosaga erishish yo‘lida o‘zaro kelishuvlarga tayyor ekanini namoyish etishiga ishonch bildirdi.

«Afg‘on zaminida ko‘pdan buyon kutilayotgan tinchlikka erishish uchun mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish va bu jarayon xalqaro hamjamiyat tomonidan har taraflama qo‘llab-quvvatlanishi prinsipial muhim ahamiyatga ega. Bu Afg‘onistonning umummintaqaviy jarayonlarga integratsiyasi uchun yangi istiqbollar eshigini ochadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U shuningdek, xavfsizlik va barqarorlik — Markaziy va Janubiy Osiyoning izchil rivojlanishi va o‘zaro aloqalar mustahkamlanishining asosiy sharti ekanligini ta’kidladi. «Bizning xavfsizligimiz bo‘linmasdir va uni faqat konstruktiv muloqot hamda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali ta’minlash mumkin», — dedi u.