Bir necha ming kubaliklar Gavanada va mamlakat kommunistik hukumatining boshqa shaharlarida katta norozilik namoyishlariga chiqishdi, deya xabar bermoqda BBC News. Bu qariyb 30 yil ichidagi eng yirik namoyish bo‘lganligi qayd etildi.

Namoyishchilar koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun erkinlik, demokratiya va aholini vaksinalar bilan ta’minlashni talab qilishgan. El Mundo xabariga ko‘ra, namoyishchilar «Ozodlik», «Yo‘qolsin kommunizm» va «Biz qo‘rqmaymiz» shiorlarini aytishgan.

Gavanada qurolli xavfsizlik kuchlari joylashtirilgan, mushtlashuvlar va hibslar haqida xabarlar kelib tushgan.

Gavanadan 30 kilometr janubda joylashgan San-Antonio-de-los-Banosda namoyish ishtirokchilaridan biri odamlar «elektr va oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat» dan g‘azablanishganini ma’lum qilgan. «Energetika bilan bog‘liq vaziyat bu yerda qandaydir reaksiyaga sabab bo‘lganga o‘xshaydi», — deya tan oldi Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel va «Kuba-Amerika mafiyasi» ni norozilikni qo‘zg‘atishda aybladi, deb yozmoqda BBC.

Kuba rahbari, shuningdek, hukumat tarafdorlarini ko‘chalarga chiqishga va «provokatsiyalarga qarshi turishga» chaqirdi. «Biz Amerika imperiyasiga sotilgan aksilinqilobiy yollanma askarlarning beqarorlikni keltirib chiqarishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Inqilobiy javob bo‘ladi. Shuning uchun biz barcha kommunistlarni ushbu provokatsiyalar sodir bo‘ladigan ko‘chalarga chiqishga va ularga qarshi qat’iy qarshilik ko‘rsatishga chaqiramiz», — dedi u davlat televideniyesida.

So‘nggi marta kubaliklar 1994 yilda Fidel Kastroning siyosatiga qarshi norozilik bildirish bilan ko‘chaga chiqishgan.