Daryo jurnalisti so‘rovi sabab o‘z joniga qasd qilish holati aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov.

Ma’lum qilinishicha, Daryo nashrining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha muxbiri Otabek Qo‘ldoshev 15 may kuni Pastdarg‘om tumanida 17 yoshli o‘spirin bola internetda avj olgan totalizatorda (qimor o‘yni dastgohi) katta miqdorda pul yutqazib, boshqalardan qarz bo‘lib qolganligi sababli o‘z joniga qasd qilganligini bildirgan. Muxbir bu haqida batafsil ma’lumot olish bo‘yicha Bosh prokuraturaga murojaat qilgan.

So‘rov bo‘yicha darhol axborotni taqdim etish maqsadida Samarqand viloyati prokuraturasi bilan bog‘lanilganida bunday holat rasman ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi ma’lum bo‘lgan. Keyinroq ushbu holat bo‘yicha o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, 15 may kuni Pastdarg‘om tumani, “Yangiobod” mahallasida yashab kelgan 18 yoshli o‘spirin o‘z uyning yordamchi xo‘jalik xonasida o‘zini osib, joniga qasd qilgan.

“Biroq, yaqinlari bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qilmasdan, shu kuni mahalliy urf-odatlarni o‘tkazgan holda marhum qabristonga dafn etilgan”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 7 iyul kuni Pastdarg‘om tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari boshlangan. Hodisa haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida murojaat etilmaganligi yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limi, obodonlashtirish bo‘limi, oila va mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi va IIBga xizmat tekshiruvlari tayinlandi.

“Tekshirish davomida „Daryo.uz“ saytining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha muhbiri Otabek Qo‘ldoshev tomonidan bildirilgan vajlar to‘liq o‘rganilishi ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.