«Portretga chizgilar. Lider» hujjatli filmida Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston bilan chegarani shakllantirish tarixi haqida so‘zlab berdi. Video 1 iyul kuni Xabar NEWS YouTube-kanalida e’lon qilindi.Foto: Xabar NEWS

«O‘zbekiston bilan chegaralar mana bunday bo‘lgan», — deya tushuntirdi Nursulton Nazarboyev barmog‘i bilan to‘lqinli chiziq chizib. — Ba’zi joylarda chegara uyning o‘rtasidan o‘tib ketar, yotoqxona O‘zbekiston tomonida, oshxona esa Qozog‘iston tomonida qolardi. Yoki qozoqlar yashaydigan butun qishloq O‘zbekistonda joylashgan, ammo ular O‘zbekistonda bo‘lishni xohlashadi. Yoki u yerda o‘zbeklar bor edi. Ammo aksariyat holatlarda qozoqlar Qozog‘istonda bo‘lishni xohlagan".

Uning so‘zlariga ko‘ra, u O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovga hududlarni almashtirishni taklif qildi.

«Kelinglar, bunday qilaylik, deyman, — deydi Qozog‘istonning birinchi prezidenti barmog‘i bilan yoy shaklini chizib, — Va biz boshqa joydan shuncha hududni sizga beramiz. Biz poymol qilmaymiz, siz hech narsa yo‘qotmadik, deb ayta olasiz. Mana shunday qilib biz shunday muammolarni hal qilganmiz», — dedi u.

Foto: Xabar NEWS.

Nursulton Nazarboyev 1996 yilda qurilgan Chordara suv ombori bo‘yicha muzokaralar tafsilotlariga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Sovet Ittifoqi qulaganda, xaritaga qarasangiz, janubiy Qozog‘istonda Maqtaral viloyati O‘zbekiston hududiga juda aniq kirib borgan. Bizning Chordara suv ombori bor, lekin suv omborining inshooti, to‘g‘onning o‘zi O‘zbekistonniki edi. Men qanday qilib bunday bo‘lishini aytaman. Keling, muammoni hal qilaylik. Bu „janjal toshi“ (qadimgi yunon afsonalarida Troya urushining kelib chiqishiga sabab bo‘lgan oltin olmaga ishora — tahr.) bo‘ladi. Bizda suv ombori bor, suvning hamma richagi sizda. Kelishdik. Yaxshi, biz mana bu joyni to‘g‘on evaziga sizga beramiz. Qizilo‘rda viloyatida bizga tegishli bo‘lgan hududni berdik. Va bu juda qiyin o‘tdi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom Karimov bilan kelishish juda qiyin bo‘lgan.

«Aytish noqulay, u endi bu yorug‘ dunyoda yo‘q, mening eski do‘stim Islom Karimov, mana, uning har doim o‘z qarashi bo‘lgan. U bilan kelishish juda qiyin bo‘lgan. Hamma narsaga nisbatan o‘z fikrini aytgan. Lekin shunday holatlar ham bo‘lganki, bir safar menga qo‘ng‘iroq qilib, dedi: „Oldingga bormoqchiman“. Men: „Eshit, kun tartibini tayyorlash kerak, nima haqda gaplashamiz, tayyorgarlik ko‘rish kerak“, — dedim. „Hech qanday kun tartibi yo‘q, shunchaki, sen bilan ko‘rishishim kerak, bo‘ldi“, — dedi. U bilan uchrashdim. Umuman, qalbi juda yumshoq va yaxshi inson edi, biroq shunday fe’lli. U keldi, kechqurun o‘tirdik, kunduzi suhbatlashdik, masalalarni muhokama qildik. O‘shanda juda qiziqarli holatlar bo‘lgandi», — deya xotiralarini o‘rtoqlashdi Qozog‘istonning birinchi prezidenti.

Nursulton Nazarboyev mamlakatni qariyb 30 yil boshqarib, 2019 yilning 19 mart kuni vakolatini topshirganini e’lon qildi. Respublikaga Qosim-Jomart Tokayev yangi prezident bo‘ldi. 6 iyul kuni Nazarboyev 81 yoshni qarshiladi.