Toshkent shahar hokimligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Transport vazirligi hamda O‘zEOAVMA hamkorligida OAV bilan ochiq muloqot tashkil etildi, deya xabar bermoqda poytaxt hokimligi axborot xizmati.


Toshkentda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, manzarali daraxtlar va gullarni ekish, yashil hududlarni muhofaza qilish va kengaytirish ishlari tizimli ravishda olib borilayotgani ta’kidlandi. Poytaxtda 22 ta bog‘, 15 ta rekreatsion hudud, 20 ta sayilgoh, 130 km dan ortiq piyodalar va 100 km ga yaqin velosiped yo‘laklari mavjud.

Poytaxtdagi hayot sifatini oshirish uchun 2023 yilga qadar yashil hududlar ko‘lamini 30% gacha kengaytirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, prezident topshirig‘iga muvofiq, 2021−2022 yillarda poytaxtimizning 524 ta mahallasida yashil hududlarni sug‘orish uchun 1500 ta quduqni burg‘ulash, 130 km piyodalar va 117 km velosiped yo‘laklarini qurish, 12 ta bog‘, 25 ta yashil hudud va saylgohlarni tashkil qilishga qaratilgan maqsadli dasturlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Toshkent shahrida umumiy 140 gektar maydonga ega bo‘lgan attraksionlarsiz bog‘larni va har bir tumanda kichik yashil bog‘larni tashkil qilish rejalashtirilgan.

“Loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida aholi fikri va takliflari inobatga olinadi”, — deyiladi xabarda.