AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) biznes g‘oyalar (loyihalar) tanlovini e’lon qildi. Bu haqda agentlikning matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Tanlov «Agrobiznesni rivojlantirish» loyihasi doirasida tashkil etilib, xususiy mahalliy agrosanoat korxonalari o‘rtasida qishloq xo‘jalik mahsulotlari qiymat zanjirini yanada rivojlantirish, savdo ko‘lami va hajmini oshirish, aholi bandligini ta’minlash, hamda yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini oshirishga qarataligan.

Ushbu tanlovga mablag‘lar agentlikning Agrobiznesni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ajratiladi.

«Agrobiznesni rivojlantirish jamg‘armasi qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan korxonalarda yangi texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlaydi va bu orqali ularning o‘sishiga ko‘maklashadi. Agrosanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekistonga o‘z iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, mintaqaviy hamda xalqaro savdo hajmlarini oshirish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

USAID yuqoridagi mezonlarga javob berishi mumkin bo‘lgan, hususan ayollar va yoshlar boshqaruvidagi yoki ularni ish bilan ta’minlovchi korxonalardan biznes g‘oyalar bo‘yicha takliflarni qabul qiladi.

Tanlovda qatnashish uchun arizalar topshirishning oxirgi muddati — 16 iyul 17:00.

Tanlov konsepsiyasi va biznes g‘oyalar bo‘yicha takliflarni kiritish uchun ariza namunasini quyidagi havola orqali yuklab olish mumkin.

Loyiha tanlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun butun qiymat zanjiri bo‘ylab qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini beruvchi yangi texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv amaliyotlarini joriy etish orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida xususiy sektor rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Mazkur tadbirlar O‘zbekistonda qo‘shimcha qiymat qo‘shilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish, sohaga xotin-qizlar va yoshlarni jalb etish, ta’lim muassasalari va xususiy sektor o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash va qishloq xo‘jaligida maqbul siyosat yuritishni qo‘llab-quvatlashga qaratiladi.