Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Davlat apparati hajmini qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deya xabar bermoqda 24.kg nashri.

Mamlakat Konstitutsiyasining 71-moddasiga muvofiq ijro etuvchi hokimiyat va boshqaruvning davlat organlari tuzilmasini optimallashtirish, takrorlanadigan va keraksiz funksiyalarni yo‘q qilish, shuningdek, davlat apparatini saqlash uchun byudjet mablag‘larini tejashni ta’minlash maqsadida prezident administratsiyasi shtatlarini 30 foizgacha qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Hujjat bilan, davlat rahbari apparatiga kiradigan vazirliklar, davlat qo‘mitalari, ma’muriy idoralar va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari qisqartiriladi.

Farmon bilan quyidagilar tavsiya etilmoqda:

  • Jo‘qorg‘i Kenges ish yuritishni boshqarish apparati xodimlari sonini 30 foizga qisqartirish ishlarini amalga oshirishi;
  • Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, mahalliy sudlar va sud departamenti sudlar tuzilmasini optimallashtirish va ularning shtatini 30 foizgacha qisqartirish;
  • mahalliy byudjetlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan byudjet muassasalari va tashkilotlarini inventarizatsiya qilish va xodimlar sonini 30 foizgacha qisqartirish.

Shu bilan birga hujjatga ko‘ra:

  • ishdan bo‘shatilgan ishchilarga qonun hujjatlariga muvofiq ishdan bo‘shatish uchun to‘lovlarni to‘lashni ta’minlash;
  • ishdan bo‘shatilgan ishchilarni tadbirkorlik faoliyati asoslariga o‘rgatish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
  • tejalgan mablag‘larni davlat va kommunal xizmatchilarning ish haqini oshirishga sarflash;
  • normativ-huquqiy hujjatlarni farmonga muvofiqlashtirish belgilandi.

Davlat ijroiya organlari, prezident mulkini boshqarish bo‘limi ham tegishli ishlarni amalga oshiradi. Farmon rasmiy e’lon qilingan kunidan kuchga kirishi belgilangan.