MDH davlatlari kiberterrorizmga qarshi kurashda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ko‘rishi kerak, deya ta’kidladi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (STMI) direktori Eldor Aripov.

29 iyun kuni Toshkentda axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha MDH davlatlari xalqaro ekspert forumi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir STMI tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda MDH Ijro qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilmoqda.

«Muvofiqlashtirilgan va bir-birini to‘ldiruvchi choralarni qabul qilish axborot sohasidagi bugungi tahdidlarga javoblarning samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Hamdo‘stligimiz maydoni bunday hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga zamin yaratadi, deb o‘ylayman», — dedi Eldor Aripov forumning ochilishida.

STMI direktori jadal raqamlashish sharoitida pandemiya koronavirusi davrida axborot xavfsizligiga tahdidlar keskinlashganligini ta’kidladi. Jumladan, moliya va bank-kredit sohasida kiberjinoyatlar soni ortib bormoqda, bu esa davlatlarning iqtisodiy xavfsizligiga tahdid soladi.

«Axborot makonidagi xavfsizlikka tahdidlarning transchegaraviy xususiyati milliy harakatlarni ikkitomonloma, mintaqaviy va xalqaro darajadagi qo‘shma harakatlar bilan qo‘llab-quvvatlashni talab qiladi», — deya qo‘shimcha qildi ekspert.

Forumda hamdo‘stlik davlatlaridan kelgan 50dan ortiq ekspertlar, shuningdek xalqaro tashkilotlar vakillari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari qatnashmoqda. Tadbir kun tartibiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan jinoyatlar bilan kurashish, kiberjinoyatlarni tergov qilish shuningdek axborot makonida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kabi masalalarni muhokama qilish kiradi.