O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 26 iyun kuni o‘n oltinchi yalpi majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda parlament yuqori palatasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Yangi tahrirdagi Qonun O‘zbekiston prezidentining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmoni hamda Senat Kengashining «Davlat tili haqida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahrida ijro etilishini o‘rganish natijalari to‘g‘risida"gi qarori asosida ishlab chiqilgan.

21 oktyabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni haqidagi norma yangi Qonunda ham o‘z ifodasini topgan.

«Shuningdek, Qonunda amaldagisida mavjud bo‘lmagan ko‘pgina me’yorlar belgilanmoqda. Xususan, amaldagi «Davlat tili haqida"gi Qonunda mazkur qonunning amalga oshirilishini ta’minlaydigan, bu sohada yagona davlat siyosatini olib boruvchi maxsus davlat organi va uning huquqiy maqomi bilan bog‘liq masalalar umuman ochib berilmagan», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Qayd etilishicha, davlat xizmatchilariga nisbatan davlat tilini bilishga oid talablarning belgilanmaganligi ham ushbu Qonunning amalda ishlamasligiga olib kelmokda.

Shundan kelib chiqib, huquqiy sohada hamda milliy qonunchilikda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq aks ettirish va «Davlat tili haqida"gi Qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash maqsadida u yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Qo‘shimcha qilinishicha, yangi tahrirdagi qonunda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, O‘zbekistonning davlat tili, O‘zbekistonda boshqa tillarning maqomi, til bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmaslik, davlat tilini rivojlantirishdagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha vakolatlari, davlat organlari va tashkilotlarining davlat tilini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari, davlat tilini rivojlantirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati kabi yangi normalar mavjud.

Shuningdek, qonunda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida davlat tilining qo‘llanilishi, ish yuritish tili, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda davlat tilining qo‘llanilishi, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, shuningdek, ularning loyihalarida foydalaniladigan til, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ishlatiladigan til, sud ishlari yuritiladigan til, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, fuqaroning shaxsini va huquqlarini tasdiqlashda qo‘llaniladigan til masalalari ham batafsil belgilangan.