12 iyun kuni Asakadagi zavodga yetkazilgan yukda Rossiyaning «Severstali» kompaniyasi ishlab chiqargan po‘lat listlarning bir qismi yetishmayotganligi aniqlandi, deya xabar qildi UzAuto Motors matbuot xizmati.

Yuk vagonlari zavodga kirish paytida ko‘rikdan o‘tkazilganida, vagondagi yuklardan birining qadog‘i buzilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan UzAuto Motors komplayens xizmati tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, vagonga ortilgan po‘lat listlarning bir qismi kompaniyaga yetib kelgunga qadar, noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘rilangani aniqlandi.

Ishlab chiqarish standartlariga muvofiq, ushbu talon-toroj qilingan po‘lat listlar me’yor sarfiga muvofiq,2030 ta Chevrolet Nexia-3, 871 ta Gentra yoki 970 ta Labo avtomashinalari kuzov qismlarini ishlab chiqarish uchun ishlatilgan bo‘lardi, deya ma’lum qildi kompaniya.

Ushbu hodisa yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida to‘plangan barcha materiallar aybdor shaxslarni aniqlash uchun, hamda yuklar tashilishida ularning xavfsizligi va samarali qo‘riqlanishiga mas’ul bo‘lgan IIVning transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarining xizmat vazifalarini qonuniy bajarganligiga huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Transport prokuraturasiga yuborildi.

Shu bilan birga, kompaniya tuzilgan shartnomalar bo‘yicha barcha majburiyatlar bajarilishini kafolatlashini ta’kidladi. «Ushbu voqea mijozlarga avtomobillarni yetkazib berish muddatiga ta’sir qilmaydi», — deyiladi xabarda.