Qashqadaryo viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i A.Yo. muxbir A.G.ni boshqarmada matbuot kotibi bo‘lib ishga olish uchun o‘zi bilan bir kechaga qolishni taklif etgan. Bu haqda Nasafnews xabar berdi.

A.G.ning ta’kidlashicha, boshqarma boshlig‘i oldinroq ham shunga o‘xshash takliflar qilgan.

«Bu taklifni menga avval ham bildirgan edi. Keyin esa hazillashdim, deb qo‘ydi. Bir necha kun o‘tgach yana shu mavzuda gap ochdi. Men esa endi boshliqning bu gapini tobora jiddiy qabul qila boshladim. Ishdan ko‘nglim sovib, tashkilotga borgim kelmay qoldi», — deydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, besh oy davomida rasman ishga olinmagan matbuot kotibi A.G.ga tashkilot rahbari A.Yo. Shahrisabzda yoshlar festivalida tashkil qilingan fitobar loyihasini yoritishni taklifi qilgan va uni Qarshidan o‘z mashinasida olib ketishini aytgan.

Mashinaga o‘tirgan qiz rahbardan nega hozirgacha rasman ishga olinmaganining sababini so‘ragan. A.Yo. esa unga «Men bilan bir kecha qolasizmi?» deya taklif bildirgan. Muxbir nima uchun qolishi sababi bilan qiziqqan. Rahbar «erkaklar bilan bir kecha qolgan vaqtda nima qilishni bilmaysizmi?» deb javob bergan. Shundan so‘ng A.G. uni mashinadan tushirib qoldirishlarini so‘ragan.

«Oxirgi marta yana shu haqda ochiqchasiga haydovchisining oldida tap tortmay, uyalmay gap ochganida taklifi jiddiy ekanligini tushundim va bu yerda boshqa ishlamaslikka qaror qildim. Ochig‘i, menga qilingan bu munosabatdan so‘ng hamma yosh, o‘qib, ishlab, karera qilaman degan qizlarga nisbatan rahbarlar shunaqa munosabatda bo‘lar ekan deb, kechgacha yig‘lab o‘zimga kela olmadim. Shok holatidaman. Nahotki, men shunaqa qiz bo‘lsam. Yurish-turishim, o‘zimni tutishimda biror kamchilik bo‘lsa, atrofimdagilar aytishgan bo‘lardi. Unaqa tarbiya olmaganim uchun bu holat ruhiyatimga shunaqa ta’sir qildiki, haligacha o‘zimga kela olmayapman», — deydi A.G.

Oradan bir necha kun o‘tib, A.G. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi matbuot kotibi Otabek Ashurovga ushbu voqea haqida xabar bergan. Voqeadan Qashqadaryo viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi mas’ul xodimi ham xabar topib, A.G.ni tinchlantirishga uringan. Boshqarma mas’ul xodimi muxbirga avvaliga telefon qilgan, keyinchalik SMS xabar yozib, boshqarma boshlig‘ining ukasi «katta joyda ishlashini» va tinch yurmasa, o‘ziga qiyin bo‘lishini aytgan.

Foto: Nasafnews

Nasafnews muxbiri holat yuzasidan qo‘mita matbuot kotibi Otabek Ashurov bilan bog‘langan. Matbuot kotibi ushbu holatdan xabari borligini ta’kidlagan. «Ha, xabarim bor. Eshitgan kunimoq buni tegishli tartibda rahbariyatga bildirganman. Hozir shu ish bo‘yicha surishtirishyapti. Yaxshi ish bo‘lmabdi. Yoziyevning o‘zi bilan gaplashganimda „hazillashdim, shunchaki hazillashdim“, deb javob berdi. Qizni singlimdek ko‘raman. Bo‘lib o‘tgan ishdan afsusdaman. Komandirovkaga ketib qolgan edim. Endi masalani to‘liqroq o‘rganaman», deya javob bergan.

A.G.ning «Daryo» muxbiriga ma’lum qilishicha, uning boshqarma axborot xizmati rahbari sifatida ish boshlaganidan AOKAning viloyatdagi mas’ullari ham xabardor bo‘lgan.

«To‘g‘ri, nega besh oy maoshsiz ishlagansiz deb savol berishingiz tayin. Aslida boshqarma mas’ullari qo‘mitaga aytib, tez orada maoshim masalasini hal qilishlarini aytishgandi. O‘zaro kelishuv asosida ishlab kelayotgandim», — deydi boshqarma matbuot kotibi bo‘lishga davogar bo‘lgan qiz.

Aniqlanishicha, A.G. bir vaqtning o‘zida ham boshqarmada, ham boshqarmaning Kitob tuman bo‘limida matbuot kotibi vazifasini amalga oshirgan. Boshqarmaning Kitob tuman bo‘limi mas’ullari unga va’da qilingan maoshni o‘z vaqtida to‘lab turgan.